Jahon | 19:11 / 07.10.2019
7812
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShning Suriyadagi «nihoyasiz urushlar»dan chiqadigan vaqti kelganini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarning Suriyadagi "nihoyasiz urushlardan chiqadigan" va amerikalik harbiylarning uyga qaytish vaqti kelganini aytdi.

"Qo‘shma Shtatlar rejaga ko‘ra Suriyada 30 kun bo‘lishi kerak edi. Biz qolib ketdik va ko‘rinmas maqsadsiz urushga borgan sari chuqur kirib bordik. Ammo bu nihoyasiz bema'ni urushlardan chiqadigan va askarlarimizni uyga qaytaradigan vaqt keldi", - deb yozdi u Twitter sahifasida. 

"Endi bu vaziyatni Turkiya, Yevropa, Suriya, Eron, Iroq, Rossiya va kurdlar o‘nglashi kerak va IShIDning qo‘lga olingan jangarilarini nima qilishni o‘zlari hal qilishlari lozim. Biz ulardan 7000 milya naridamiz va agarda ular yaqin-atrofimizga kelishsa IShIDni yana mag‘lub etamiz", - deb qo‘shib qo‘ydi Tramp.

Amerika rahbari kurd qo‘shinlari IShIDga qarshi kurashganini va Vashington ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.

The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, o‘tgan yili AQShning Suriyadagi qo‘shinlari soni 2 ming kishidan ortiq bo‘lgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid