Jamiyat | 17:42 / 12.10.2019
80223
20 daqiqa o‘qiladi

Plastik jarrohlik klinikasidagi ikki o‘lim. Jarroh, marhumning otasi va boshqa tomonlarning izohlari

Avgust oyida Toshkentdagi «Mont Blanc» plastik jarrohlik klinikasining ikki mijozi 10 kun ichida ketma-ket vafot etgandi. Ikki ayol ham mazkur shifoxonaga bir xil muammo – burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilash uchun murojaat qilgandi.

Ayni vaqtda prokuratura hodisani o‘rganyapti. Kun.uz esa voqea atrofidagi kishilar bilan suhbatlashib, ulardan izoh oldi.

Oldinga o‘tib aytish o‘rinliki, mazkur holat – axborotni bir nechta manba orqali tekshirish imkoni bo‘lgani holda uni e'lon qilishda yagona shaxsga tayanib qolish – OAVni tuhmat uchun minbarga aylantirib qo‘yishini ko‘rsatuvchi misollardan biri bo‘lib chiqishi mumkin.

Qisqacha bayon

Shayxontohur tumanidagi «Mont Blanc» xususiy klinikasiga avgust oyi o‘rtalarida burun operatsiyasi uchun murojaat qilgan chimkentlik 43 yoshli Liliya Apostolova va samarqandlik 20 yoshli Gulshan Sharifova tibbiy amaliyotlardan keyin vafot etgan.

Dastlab Apostolova tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilash uchun operatsiya qilingan. Bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgach, unga antibakterial davo maqsadida tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng ayolning ahvoli keskin og‘irlashgach, 16-shifoxona (RShTYoIM)ga olib borilgan. Markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, bemor bir necha kundan so‘ng shifoxonaning jonlantirish bo‘limida jon bergan.

Liliya Apostolovani operatsiya qilgan LOR jarrohning Kun.uz’ga aytishicha, uning o‘limidan so‘ng «Mont Blanc» klinikasi yangi mijozlar qabulini to‘xtatgan, lekin avval konsultatsiyadan o‘tgan va operatsiya kuni belgilangan bemorlarga xizmat ko‘rsatishda davom etgan. Ya'ni Gulshan Sharifova bundan bir necha kun oldin konsultatsiyaga kelgan bo‘lgan.

24 avgust kuni jarrohlik stoliga yotgan Sharifovaning ahvoli narkoz ta'sirida og‘irlashgan va u zudlik bilan Olmazor tumanidagi «Akfa Medline» xususiy shifoxonasiga olib kelingan. Kerakli tibbiy muolajalar qilinganiga qaramay, ikki kundan keyin bemor ushbu shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

OAVga yoyilgan shaxsiy adovat

Voqea haqida 30 sentabr kuni «Ozodlik» radiosi Gulshan Sharifovaning otasi Umid Abdushukurov, ikkala operatsiyaga ham mas'ul bo‘lgan jarroh Faxriddin Obloqulov va o‘zini klinikaning sobiq bosh shifokori deb tanishtirgan Gulbahor Nuriddinovaga tayanib xabar berdi.

Unga ko‘ra, Sharifovaning otasi qizining jasadini ekspertiza qilishlariga ko‘nmagan va shifokorlarga e'tirozi yo‘qligi haqidagi hujjatlarga qo‘l qo‘yib bergan. Umid Abdushukurov Kun.uz bilan suhbatda shunday yo‘l tutganini tasdiqladi.

Ammo, «Ozodlik» o‘z xabarida shifoxonaning sobiq bosh vrachi Gulbahor Nuriddinovaga asoslanib, vafot etgan bemor homilador bo‘lgani, bundan uning oila a'zolari bexabar qolgani, shifoxona esa zaruriy tibbiy ma'lumoti yo‘q vrachlarsiz va zaruriy tibbiyot uskunalarisiz patsiyentlar hayotini xavf ostida qoldirib operatsiyalar o‘tkazib kelayotgani haqida ham yozadi.

Ayni paytda, Kun.uz suhbatlashgan voqeadan xabardor kishilar Gulshan Sharifovaning farzand kutayotgan bo‘lgani haqidagi ma'lumot yolg‘onligini ta'kidladi. Xususan, marhumaning otasi ham unga bunday gapni Gulbahor Nuriddinova aytganini bildirdi. Nuriddinovaning o‘zi esa bu ma'lumotni tanishlaridan eshitganini aytmoqda.

(Ma'lumot uchun, 1999 yilda tug‘ilgan Gulshan Sharifova Toshkent Moliya institutining 2-bosqichini tamomlagan. U oilali, bir o‘g‘ilning onasi edi).

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, «Mont Blanc» klinikasiga 2018 yilda litsenziya berilgan vaqtda shifoxonadagi tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar talabga javob beradigan holatda bo‘lgan. Klinika ustidan vazirlikka hozirga qadar birorta shikoyat tushmagan.

Tibbiyot fanlari nomzodi Gulbahor Nuriddinova «sobiq ish joyi» bilan o‘rtasida sovuqchilik borligini Kun.uz bilan suhbatda ham yashirib o‘tirmadi. Uning «Mont Blanc»ga nisbatan munosabati salbiyligini klinika direktori quyidagicha izohladi.

Rahbar izohi: «Sobiq xodimim bo‘hton tarqatyapti»

Javlon Javxarov, «Mont Blanc» klinikasi direktori:

– Gulbahor Nuriddinova mening qo‘l ostimda 1 yil – 2016-2017 yillarda bosh shifokor bo‘lib ishlagan. U bilan 2015 yili Dermatologiya institutida tanishganmiz va uning birga hamkorlik qilish taklifi bilan ish boshlaganmiz. 2016 yilda «Krasota jizni» klinikasini tashkil etdim va u yerga Gulbahor Nuriddinovani bosh shifokor qilib tayinladim.

Mazkur shifoxonani bir yil yuritgach, 2017 yili qaynonamga hadya qildim va bu klinika ishlariga aralashmay qo‘ydim. Gulbahor Nuriddinova u yerda 2019 yilning may oyiga qadar ishladi.

«Mont Blanc» klinikasini esa men 2018 yil fevral oyida ochganman. Ya'ni Nuriddinovaning bu klinikaga hech qanday aloqasi yo‘q, u bu yerda bir kun ham ishlamagan.

«Krasota jizni»da ishlagan paytida boshqa xodimlar bilan chiqisholmay, ishga xohlasa kelib, xohlamasa kelmasdi. Uni bir necha martaqattiq ogohlantirganmiz. Qaynonamning aytishicha, u klinikaga tegishli hujjatlarni olib, hech kimga biror gap aytmay, menejyerga ishdan bo‘shash haqidagi arizasini berib, qaytib shifoxonaga kelmay qo‘ygan.

Ishdan ketgach, soliq va boshqa idoralarga «Uch yil ichida oylik olmadim», deya bizning ustimizdan arz qildi. Lekin uning bu murojaati o‘z isbotini topmadi. Bundan tashqari, prokuratura, ichki ishlar, ijtimoiy tarmoqlar, «Ozodlik» va boshqa saytlarga haligacha biz va ikkala klinika haqida turli tuhmatlar, bo‘htonlar tarqatib yuribdi.

Marhuma Gulshanning otasi Umid aka bilan gaplashdik. Unga “marhumaning jasadini sud-tibbiyot ekspertiza qildirish zarurligini aytganimizda, klinikaga da'voyim yo‘q, degan edingiz. Qolaversa, Gulshan «Ozodlik»da homilador edi, deb yozilibdi», dedik. U esa «Menga Gulbahor ismli ayol telefon qilib, klinikada bosh shifokor bo‘lib ishlagani va qizimning homilador bo‘lganligini aytdi», deya javob qaytardi.

Gulbahor Nuriddinova uning miyasini zaharlabdi. Vaholanki, u yuqorida aytganimdek, «Mont Blanc»da sira ishlamagan. Shundan keyin Umid aka «Akfa Medline» klinikasiga borib, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Ular Gulshanning qornida homilasi bo‘lmaganini ta'kidlashdi.

Aslida Gulshan bizning shifoxonaga burnidagi nuqsonga shifo izlab kelgandi. Unga 24 avgust kuni narkoz berilgach, o‘zini boshqacha his qildi va yuragi qaltiray boshladi. Ikki soatlar o‘tib, uni «Akfa MedLine»ga olib borishdi. Gulshanning yaqinlari kuchli kardiolog mutaxassisni olib kelishdi. U esa qizda tug‘ma yurak xastaligi borligini bildiribdi.

Bir yarim yil davomida shifoxonamizda 50ga yaqin mijozlarda burun bo‘yicha operatsiya o‘tkazilgan. Hamma narsa Xudoning xohishiga ko‘ra bo‘ladi. Shifokor hech qachon birovning o‘limiga sababchi bo‘lishni niyat qilmaydi.

Sobiq xodimim Gulbahor Nuriddinova nima maqsadda bizning ustimizdan asossiz gap-so‘zlarni tarqatayotganiga ochig‘i tushunmayapmiz. Unga ishlagan paytlarida har jihatdan yordam qo‘lini cho‘zib, birga ahil bo‘lishga intilganmiz. Klinikamizda faoliyat yuritib, kam bo‘lgani yo‘q. Bu ayol bir necha oydan beri ikkala klinikadagi jihozlar va xodimlar yuzasidan salbiy fikrlarni ovoza qilyapti. Uning o‘zi bosh shifokor bo‘lib ishlagan davrda biz klinika faoliyatiga unchalik aralashmaganmiz. Ko‘p narsa bilan Gulbahor opaning o‘zi shug‘ullangan va qaysidir ma'noda javobgar bo‘lgan.

Jarroh: «Hammasi yaratganning hukmiga bog‘liq»

Liliya Apostolovani operatsiya qilgan, shuningdek Gulshan Sharifovaning operatsiyasiga ham mas'ul bo‘lgan jarroh Faxriddin Obloqulov voqeaga izoh berdi.

Faxriddin Obloqulov, «Mont Blanc» klinikasi LOR jarrohi:

– Sohadagi faoliyatimga salkam 20 yil to‘ldi. Bu klinikada shu yilning fevralidan beri ishlab kelyapman. Konsultatsiya bo‘yicha kuniga o‘rtacha 10 nafar mijoz qabul qilardim. Mijozlarim orasida operatsiyadan so‘ng og‘ir ahvolda qolgan yoki vafot etgani umuman kuzatilmagandi.

Qozog‘istonning Chimkent viloyatida yashagan Liliya Apostolova bilan ijtimoiy tarmoq orqali tanishganmiz. U instagramdagi sahifamga murojaat qilgan. 14 avgust kuni klinikaga kelgan, ertasiga tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilaganmiz.

Operatsiya ikki soat davom etgan va muvaffaqiyatli kechgan. Liliya narkozdan keyin o‘ziga kelgach, biroz suhbatlashganmiz. O‘zini yaxshi his qilgan, qo‘l telefonimga burnining operatsiyadan keyingi ko‘rinishini suratga olib, ko‘rsatganman. Biroq hech qancha vaqt o‘tmay, mustaqil nafas olishi keskin qisib, og‘irlashgan va xodimlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayolni chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida 16-shifoxona (RShTYoIM)ga olib bordik. U yerda to‘rt kun davomida markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor jonlantirish bo‘limida vafot etdi.

Sud tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilganda uning o‘limi «bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi natijasida yuzaga kelgan chap bosh miya yarim sharlari asosi gemorrogik insulti»dan yuz bergani aniqlandi.

Shundan so‘ng klinikaga mijozlar qabul qilishni to‘xtatdik. Lekin avval konsultatsiyadan o‘tgan va operatsiya qilish kuni belgilangan mijozlarga xizmat ko‘rsataverdik. Samarqandlik Gulshan Sharifova 14 avgustda konsultatsiyaga kelgandi. U burun to‘sig‘i qiyshayishi va burun chig‘anoqlari surunkali shishib ketishi oqibatida nafas olishga qiynalayotgani, tomog‘i tez-tez og‘rishini ta'kidlagandi.

24 avgust kuni uni operatsiya qilishga kirishdik. Anestiziolog O‘lmas Xolmatov og‘riqsizlantiruvchi narkoz berganidan keyin yurak faoliyatining urishi o‘zgarib, qaltiray boshladi. Keyin operatsiya qilmaslikka qaror qilib, jarayonni to‘xtatdik. Ya'ni uni hali operatsiya qilmagandik.

Gulshanning onasini taklifi bilan uni «Akfa MedLine» klinikasiga tez yordam mashinasida olib ketishdi. Bu shifoxonada 3 kun yotgach, qazo qildi. Bu albatta, menga ham qattiq ta'sir ko‘rsatdi, tushkunlikka tushdim. O‘sha paytda Gulshanning oila a'zolari har ikki klinikaga ham, shifokorlarga ham hech qanday da'vosi yo‘qligini yozib berishdi. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishiga ham qarshi bo‘lishdi.

Gulshanning homilador ekanligini «Ozodlik»ka men aytmaganman va u homilador ham bo‘lmagan. Shifoxona direktoriga nisbatan kimningdir shaxsiy a'dovati bormi, turli gap-so‘zlarni tarqatib yuribdi.

Men Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘qib, o‘z soham bo‘yicha yetarli bilimni olganman. Yillar davomida dunyoning bir qancha davlatlarida malaka oshirib qaytganman. Tajribam ham yetarli. Maqtanishga yo‘ymang-u, qo‘shni mamlakatlarda ham ko‘pchilik yaxshi biladi va mijozlarim ko‘p. Hech bir shifokor kimningdir hayotiga zomin bo‘lish maqsadida ishlamagani kabi men ham bunday niyatda non topmayman. Hammasi yaratganning hukmiga bog‘liq.

Ota: «Hech qanday da'voyimiz yo‘q, lekin...»

Gulshan Sharifovaning otasi Umid Abdushukurov voqea haqida shunday hikoya qiladi.

Umid Abdushukurov, marhumaning otasi:

– Gulshanoy uch farzandimning to‘ng‘ichi bo‘lib, u Toshkent Moliya institutida tahsil olardi. Oilali, ikki yoshli o‘g‘ilning onasi edi. Qizim tabiatan chiroyli va husnida kamchiligi yo‘q edi.

Burnida o‘simta go‘shti borligi bois nafas olishga qiynalardi, ovqat ta'mini sezmasdi. Kuz oylarida ancha azoblanib, o‘zi bilan birga ingalyator olib yurardi. Shunga davo topish niyatida «Mont Blanc» klinikasiga murojaat qilgandik.

24 avgust kuni shifoxonaga keldik. O‘sha kuni soat 10:00lar chamasi qizimning allergiyasi borligi uchun vrachlarga shoshilmasliklarini aytishimga qaramay, tezda bo‘ladigan va 20 daqiqada kechadigan operatsiyaligini aytishib, narkoz berishdi. Ularning noto‘g‘ri narkoz berishi tufayli ikki kundan keyin «Akfa MedLine»da vafot etdi.

O‘sha paytda ham, hozir ham «Akfa MedLine» klinikasi va «Mont Blanc» vrachlariga da'voyim yo‘q. Lekin «Mont Blanc» shifoxonasiga qizimning vafotidan bir necha kun oldin kelgan qozog‘istonlik yana bir ayolning ham dunyoni tark etganini eshitib, boshqalarga bu ikki holat saboq bo‘lsin, degan niyatdaman. Agar bu o‘lim holatini oldinroq bilganimizda edi, Gulshanoyni olib kelmagan bo‘lardik.

Operatsiya uchun oldindan 8 million so‘m to‘lov qildik. Pulimizni qaytarib berishdi. Qizim soppa-sog‘ edi. Hech qanday kasallikdan shikoyat qilmasdi. «Ozodlik»da yozilganidek, homilador ham emasdi.

Farzandimning jasadini sud-tibbiy ekspertiza qilishlariga qarshi chiqqanimiz rost. Chunki buni ko‘proq rafiqam xohlamagandi. Hozir ham uning qabri qayta ochilib, murdasi ekspertiza bo‘lishini umuman istamaymiz.

Gulbahor Nuriddinova ismli shifokorni umuman tanimasdim. Uning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, qizim vafotidan oldin homilador bo‘lgani va «Mont Blanc» sharoitlari talabga javob bermasligini aytdi.

Shundan so‘ng «Akfa MedLine» klinikasiga borib, u yerdagi shifokorlardan bu gap qanchalik rost yoki yolg‘onligini so‘radim. Ular esa qizimga oid hujjatlarni qayta nazorat qilishib, homilador bo‘lmaganini ma'lum qilishdi.

Keyin Gulbahor Nuriddinova bilan bir marta ko‘rishdik, xolos. «Ozodlik» radiosiga kim murojaat qilganini bilmayman. Menga «Ozodlik»dan qo‘ng‘iroq qilishdi va holat haqida so‘rashdi, savollariga javob qaytardim. Bor gap shu.

Klinikalardan ham, shifokorlardan ham da'voyim yo‘q. Moddiy, ma'naviy zarar undirish niyatida ham emasman. Biroq «Mont Blanc» klinikasining shifokorlari, ularning malakasi, texnikalari mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazorat qilinib, chuqurroq tekshirilishini istayman. Ertaga bizning boshimizga tushgan ishlar boshqa mijozlar hayotida ham takrorlanishini xohlamasdim.

Nuriddinova: «Kurashni feysbukda davom ettirdim»

«Krasota jizni» klinikasining sobiq bosh shifokori Gulbahor Nuriddinova «Mont Blanc» rahbari bilan o‘rtalarida shaxsiy kelishmovchilik bo‘lganini sir tutgani yo‘q, lekin «Ozodlik» bilan suhbatda bo‘lganini rad qildi.

Gulbahor Nuriddinova, tibbiyot fanlari nomzodi, dermatolog-kosmetolog:

– 1991-2015 yillar davomida Dermatologiya institutida ishlab, bu vaqt oralig‘ida ilmiy ish ham qildim. 2015 yili Nozima Mirayubovani (Javlon Javxarovning qaynonasi – tahr.) bir seminarda uchratib qoldim. U xususiy klinika ochish niyatidaligini aytib, meni birga ishlashga taklif etdi. 2016 yili «Krasota jizni» klinikasi ochilishida mening tibbiyot hujjatlarim asos tarzda rasmiylashtirildi va o‘z faoliyatini boshladi.

U yerda uch yil – joriy yilning may oyigacha bosh shifokor bo‘lib ishladim. Bu klinikada Sog‘liqni saqlash vazirligining xususiy klinikalar xodimlariga qo‘ygan talablarini sira ko‘rmadim. Ya'ni bu yerda o‘z sohasidagi 5 yillik tajriba va toifaga ega mutaxassislar ikki-uch nafar, xolos. Qolgani unday emas.

2018 yilning fevralida Nozima Mirayubova kuyovi Javlon Javxarov bilan «Mont Blanc» klinikasini tashkil etishdi. Javlon o‘sha paytda bu shifoxonaning kosmetologiya bo‘limini mening nomimga ochganini aytdi. Bundan hayron bo‘ldim, ruxsatimsiz bunday qilgani jahlimni chiqardi. Bir yarim yil uni sira ko‘rmadim va telefon orqali bog‘lanishning ham iloji bo‘lmadi, mendan berkinib yurdi.

«Mont Blanc» klinikasining ochilish marosimida bevosita qatnashgandim. Bu yerda ham texnikalar talabga javob bermaydi. Shu singari muammolarga qarshi kurashib, turli noxushliklarning oldini olish maqsadida shu yilning iyun oyidan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi, IIV, prokuratura, prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildim.

Bu tashkilotlar ikkala klinika – «Krasota jizni» va «Mont Blanc»larda tekshiruv o‘tkazib, ularning xodimlari va texnikalarini nazoratdan o‘tkazishlarini istagandim. Ammo ulardan ijobiy siljish kuzatilmadi. Shundan so‘ng feysbukdagi shaxsiy sahifamda bu klinikalar haqidagi holatlarga qarshi kurashayotganimni yoza boshladim. Balki shu bloglarimni kimdir olib, «Ozodlik»ka yuborgandir, degan fikrdaman.

Marhuma Gulshanning homiladorligi «Akfa MedLine» klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida aniqlangandi. Buni o‘zim u yerga yuborgan odamlar aytib kelishgandi. Gulshanning ota-onasi bilan gaplashganimda, klinikaga borib, homilador bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlab olishlarini ta'kidlagandim. «Akfa MedLine»dagilar qanday javob berganini bilmayman.

SSV: «Klinika ustidan shikoyat tushmagan»

Sog‘liqni saqlash vazirligi Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, «Mont Blanc» klinikasi rahbariyati litsenziya olish uchun 2018 yilning 24 fevral kuni murojaat qilgan.

Lisenziya berish uchun olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida Toshkent shahar DSENM boshqarmasi ham, vazirlik ekspertlari ham ijobiy xulosa bergan. Klinika xonalari, tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar ham talabga javob berishi aniqlangan.

Mazkur klinikada ko‘rsatilgan tibbiy xizmat yuzasidan shu vaqtga qadar shikoyat kelib tushmagan. Avgust oyidagi ikki holat bo‘yicha esa tegishli organlar tergov-surishtiruv ishlarini olib boryapti.

«Mont Blanc» MChJ rahbari 2019 yilning 27 sentyabrida Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, tibbiy faoliyatga olingan litsenziyaning amal qilishini o‘z xohishi bilan tugatishni so‘radi. Shu asosda klinikaga berilgan litsenziyaning amal qilishi SSVning 4 oktyabrdagi qarori bilan tugatildi.

Kun.uz qozog‘istonlik marhum Liliya Apostolovaning yaqinlari bilan ham bog‘lanishga harakat qildi, ammo buning iloji bo‘lmadi.

Mavzuga oid