O‘zbekiston | 14:53 / 12.10.2019
9027
4 daqiqa o‘qiladi

So‘z erkinligi – davlatning barqarorligi uchun eng muhim institut

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yakunlanib borayotgan haftada “Milliy Tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirovning intervyusini tahlil qilib, o‘ylanib yurdim. Qodirov juda samimiy va oshkora gapirdi, “O‘zbekistonda hali hokimiyatni nazorat qila oladigan partiyalar yo‘q” dedi. Yana, “normal partiyalarning yo‘qligini asosiy sababi – diktatura edi”, “hatto hokimiyat partiyasi bo‘lgan O‘zLiDeP ham hokimiyatni xizmatkori xolos, lekin nazoratchisi emas” degan qat'iy fikrlarni yumshoq shaklda bildirdi. 

Kecha Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevalarning Samarqandda o‘tgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti anjumanida O‘zbekiston yaqin o‘tmishiga bergan bahosi ham yuqori tahsinga loyiq. Muammoni yechimi – to‘g‘ri diagnoz qo‘yishdan boshlanadi. Uni ustiga, qancha ko‘p davlat mulozimlari vaziyatga tanqidiy baho bersa, joriy muammolarni rasmiylashtirsa, shunchalik davlatning kursi ushbu muammolarni yechimiga qaratilgan bo‘ladi. Maqsad, faqat oldingi ma'muriyatni tanqid qilish emas, balki joriy muammolarni tan olish, va kelajakka qaratilgan yo‘nalishni to‘g‘ri belgilash muhimdir. Davlat mulozimlari “so‘z erkinligidan chekinmaymiz, ortga qaytmaymiz” deyishi – nihoyatda muhim bayonot. Endi, bu bayonot davlatning ustuvor siyosati bo‘lib qolishi kerak. 

Yana bir qiyoslov. Oldinlari Gulnora Karimova va yoki boshqa yuqori mulozimlarning FB sahifalarida odamlar tanqidiy yoki ishonchsizlik ruhiyatida fikr qoldirishdan qo‘rqishardi. Chunki davlatning eng qudratli repressiv organlari bunday odamlarni nazoratga olardi, ularni kuzatardi, qora ro‘yxatga olib, chorasini topib jazolardi. Keyingi vaqtlarda Saida Mirziyoyeva, boshqa yuqori davlat mulozimlari sahifalari ostidagi sharhlarni kuzatyapman. Tanqidlar, ishonchsizliklar, kesatiqlar nihoyatda ko‘p. Men, davlat mulozimlariga yuzlanib aytamanki, tanqidni juda qattiq qabul qilmang. So‘z erkinligi shunday narsaki, uni jamiyatning turfa qatlamlari har xil qabul qiladi. Sizni yuzingizga tanqid qilishyaptimi  - demak, mutafakkirlar nazarida, siz ayni paytda, yuqori hurmatga loyiqsiz. Chunki, sizdan qo‘rqishmayapti, sizga bir tomondan umid va ishonch bilan qarashyapti, sizni tanqid qilib – muammolarni yechishingizni, odamlarga achinish hissi bilan qarashingizni kutishyapti. 

Juda ko‘plab mutafakkirlar demokratiyaning ikki institutini alohida urg‘ulashgan, bu so‘z erkinligi va haqqoniy saylovlar. Mana shu ikki institut ishlab tursa, davlat doimiy transformatsiya bo‘lib boraveradi, huquqiy davlatchilikning qolgan institutlari shakllanib, rivojlanib boraveradi. Ayni paytda, so‘z erkinligi – davlatning barqarorligi uchun eng muhim institut hamdir. O‘zbekiston so‘z erkinligini doimiy saqlay olsa, keyingi yillarda davlat va jamiyat jiddiy o‘zgarib ketadi. Chunki so‘z erkinligi – faqat muammolarni aytilishi emas, ular ustida o‘ylanishni, yechish yo‘llari izlanishini nazarda tutadi.

Kamoliddin Rabbimov

Mavzuga oid