Iqtisodiyot | 15:50 / 21.10.2019
88434
7 daqiqa o‘qiladi

Siyosatshunos: O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishidagi 5 salbiy nuqta

Mening nazarimda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) qo‘shilishi, barcha nuqtalardan olib qaraganda, bugungi kunda va joriy sharoitlarda, maqsadga muvofiq emas. O‘z navbatida, O‘zbekistonning bu ittifoqqa kirishi Rossiya Federatsiyasining uzoq muddatli manfaatlariga ham foyda keltirmaydi, aksincha, zarar keltirish ehtimoli katta.

Bular qaysi nuqtalar? 

Birinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyoti hozirgi sharoitda ancha mo‘rt holatda. Post-sovet hududining aksar barcha davlatlari «shok terapiyasi» davrini, qat'iy xususiylashtirish va bozor munosabatlarini shakllantirishni o‘tgan asrning 90-yillarida va qisman nolinchi yillarda o‘tgan bo‘lsa, bizda bu islohotlar endi boshlanyapti. Islom Karimov ehtiyotkor siyosatchi sifatida barcha jarayonlarni nazorat qilish yo‘lini tanlagandi. 

Jumladan, valuta ayirboshlash va narxlar siyosatida ham. Natijada, O‘zbekistonda ijtimoiy kayfiyatni muvozanatda ushlab turish maqsadida chegaralar qattiq nazorat qilindi. Tovarlar oqimi shunday tashkil qilindiki, birinchi galda O‘zbekistonning eng kam ta'minlangan aholi qatlami ham qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni bemalol iste'mol qilishi nazarda tutildi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda ishlab chiqarish mustahkam oyoqqa turmadi.

Agar bugun O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilsa va bu integratsiya doirasida o‘z chegaralarini ochib, tovarlar oqimini erkinlashtirsa, 33 million kishi yashaydigan O‘zbekistonda ijtimoiy kayfiyat o‘zgarishi mumkin. Agar YeOIIga kirish natijasida O‘zbekistonda ijtimoiy zo‘riqishlar boshlanadigan bo‘lsa, bunday holat tashkilotning global reputatsiyasiga ham katta zarba bo‘lishi mumkin. Natijada, tashkilotning asosiy legitimligi yo‘qoladi, boshqa a'zo davlatlarda ham bu tashkilotga qarshi kayfiyatlar ommaviy siyosiy talablar darajasiga ko‘tariladi va ba'zi hukumatlar tashkilotdan chiqish xohishini «ijtimoiy zo‘riqishlar» sabab rasmiylashtirishiga yo‘l ochiladi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda ishlab chiqarish YeOIIga a'zo davlatlarga nisbatan zaif shakllangan. Rossiya, Qozog‘iston va Belarus istiqodiyoti, jon boshiga ulushi va ishlab chiqarishning yuqori samaradorligi bilan O‘zbekistondan farqlanib turadi. Agar O‘zbekiston YeOIIga qo‘shiladigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar raqobatni to‘laligicha ushbu tashkilotga a'zo davlatlarga yutqazishi mumkin. Yillar davomida O‘zbekistonning ishlab chiqarish, sanoatlashtirish salohiyati zaiflashib, yo‘qolib borishidan xavotirlar bor.

Uchinchidan, so‘nggi besh yil davomida Rossiya o‘zining ancha og‘riqli geosiyosiy va iqtisodiy davrini boshidan kechirmoqda. Bugungi kunda Rossiyaga nisbatan xalqaro hamjamiyat sanksiyalari mavjud. Bu esa Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qilmoqda. Keyingi yillarda rublning qiymati ikki marta qadrsizlandi. 

YeOII ichida muvozanat mavjud emas, bu tashkilot umumiy salohiyatining 90 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Siyosiy qarorlar qabul qilish ham, axborot oqimlari ham shuni ko‘rsatadiki, bu tashkilotning maqsadi – Rossiya manfaatlarini «parvarishlash»ga qaratilgan.

O‘zbekistonda 2016 yilda oliy hokimiyat almashar ekan, O‘zbekiston Karimovdan meros qolgan «tashqi siyosatdagi izolyatsionizm» va «geosiyosiy dixotomiya» (bir tomon bilan yaqinlashish va boshqa tomonlar bilan uzoqlashish) siyosatidan voz kecha boshladi. O‘zbekistonda yangi hokimiyatning yillar davomida to‘planib qolgan iqtisodiy, siyosiy va geosiyosiy muammolarni hal qilish maqsadida xalqaro hamjamiyat bilan erkin va manfaatli hamkorlik qilishga ehtiyoji nihoyatda katta. 

O‘zbekistonning YeOIIga kirishi nafaqat O‘zbekistonning ichki ishlariga, iqtisodiy vaziyatga va ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta'sir qiladi, balki tashqi siyosatida yangi shakllana boshlagan muvozanatga ham salbiy ta'sir o‘tkazadi degan xavotirlar keng tarqalgan.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston shu paytgacha YeOIIga kirish o‘rniga bu tashkilot doirasidagi «Erkin savdo hududi»ga kirishga allaqachon qiziqish bildirgan, ariza topshirgan. Eron Islom Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Kuba va boshqa ko‘plab davlatlar ham bu borada muzokaralar olib bormoqda. Agar YeOIIning maqsadi – iqtisodiy hamkorlik bo‘ladigan bo‘lsa va uning siyosiy va geosiyosiy maqsadlari bo‘lmasa, O‘zbekistonning erkin savdo hududiga qiziqishi inobatga olinishi va qondirilishi barcha taraflar uchun, hech qanday muammolarga yo‘l bermasdan, iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish imkonini beradi.

Beshinchidan, O‘zbekistonda 2016 yilda oliy hokimiyat almashgach, rasmiy Toshkentning Rossiya Federatsiyasi bilan ikki tomonlama munosabatlari mutlaq ijobiy tomonga o‘zgardi. Bugun ikki davlatning iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar hamkorligi nihoyatda yuqori darajada. Agar O‘zbekiston YeOIIga qo‘shiladigan bo‘lsa, bu O‘zbekistondagi ijtimoiy va siyosiy kayfiyatga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ham mumkin.

Masalan, agar O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgach mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat tezda ijobiy tomonga o‘zgarmasa (tezda ijobiy o‘zgarishlar uchun asos ham mavjud emas), 2-3 yil ichida Rossiyaga qarshi kayfiyatlar kuchayishi mumkin. Bugungi kunda YeOIIga a'zo bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham Rossiyaga nisbatan ijtimoiy ishonch oldingiga nisbatan pasaygan. 

Uzoq muddatli vaziyatda O‘zbekistonda Rossiyaga qarshi kayfiyatdagilar soni ortishi na O‘zbekistonning va na Rossiyaning manfaatlariga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston yaqin o‘n yil ichida aholi soni bo‘yicha post-sovet hududidagi ikkinchi davlatga aylanadi (Ukraina uchinchi o‘ringa tushishi hisobiga). Rossiya esa o‘zining geosiyosiy loyihalarini deb Ukraina, Gruziya va Boltiq bo‘yi davlatlari bilan munosabatlarini tarixiy ko‘lamda salbiylashtirib ulgurgan.

Rasmiy Moskva O‘zbekistonda ham ijtimoiy zo‘riqishlar va bu bilan bog‘liq Rossiyaga qarshi kayfiyatlar urchish xavfini inobatga olib, O‘zbekistonni YeOIIga a'zo qilish borasidagi qarashlarini qayta ko‘rib chiqishi, rasmiy Toshkentning tashkilot doirasidagi «Erkin iqtisodiy hudud»ga qiziqishini inobatga olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Kamoliddin Rabbimov

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin

Mavzuga oid