Jahon | 20:00 / 29.10.2019
7714
3 daqiqa o‘qiladi

Livan bosh vaziri hukumatga qarshi namoyishlar fonida iste'foga chiqdi

Livandagi namoyishlar 17 oktyabrda boshlandi. Namoyishlarda 2 millionga yaqin kishi qatnashmoqda. Bu mamlakat aholisining deyarli yarmini tashkil etadi. 

REUTERS/Mohamed Azakir

Livan bosh vaziri Saad Haririy hukumatga qarshi noroziliklar ortidan iste'foga chiqdi. U bu haqda televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda e'lon qildi.

Haririy jonli efirdagi chiqishini yakunlaganidan so‘ng prezident saroyiga borishini va o‘z qarori haqida shaxsan ma'lum qilishini aytdi.

Saad Haririy Livan «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» va inqirozdan chiqish uchun «shok terapiyasi» zarurligini aytdi. U barcha livanliklarni tinchlikni saqlashga chaqirgan.

Ikki haftadan buyon mamlakatni ommaviy namoyishlar qamrab olgan. Namoyishchilar Haririy boshchiligidagi hukumat iste'fosini, shuningdek korrupsiyaga qarshi haqiqatan kurash olib borishni, kommunal xizmatlarni yaxshilashni va Livan siyosiz tizimini yaxshilashni talab qilishmoqda.

Avvaliga stixiyali tarzda boshlangan aksiyalar ko‘p o‘tmay butun mamlakatga yoyildi. Namoyishlarda 2 mlnga yaqin kishi qatnashmoqda.

Barchasi 17 oktabr kuni hukumatning yangi soliq siyosatiga qarshi norozilik sifatida boshlangandi, o‘shanda hukumat davlat qarzlarini kamaytirish maqsadida WhatsApp va boshqa messenjerlardan foydalanganlik uchun oyiga 6 dollar to‘lash bo‘yicha soliq joriy etgandi. Norozilik aksiyalarining birinchi kunidayoq hukumat ushbu qarorni bekor qilgandi, ammo namoyishlarni to‘xtatib bo‘lmay qoldi.

Ma'lumot uchun Livan - dunyodagi davlat qarzlari eng ko‘p davlatlardan biri hisoblanadi.

Namoyishlar tufayli 10 kundan buyon banklar ishlamayapti. Shuningdek, ko‘plab kompaniyalar, maktablar va universitetlar yopib qo‘yilgan.

«Hizbulloh» va boshqa harakatlar namoyishlarga qarshi chiqqan, radikal kuchlar namoyishchilarga hujumlar uyushtirmoqda.

Seshanba kuni «Hizbulloh» va shialarning «Amal» harakati a'zolari Bayrut markazida tiklangan namoyishchilar lageriga hujum qilib, palatkalarga o‘t qo‘ydi va namoyishchilarni kaltakladi. Ular shuningdek, namoyishchilar tomonidan qurilgan barrikadalarni buzib tashlashdi.

Politsiya va harbiylar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan holda tomonlarni ajratib qo‘ydi.

 

Mavzuga oid