O‘zbekiston | 09:09 / 30.10.2019
29686
7 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda yangi maxsus sinflar tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Xalq ta'limi vazirligining umumiy o‘rta ta'lim maktablarining harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari faoliyatini 7-11-sinf hajmida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

umumiy o‘rta ta'lim maktablarining harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflarida o‘qish muddati besh yildan iborat bo‘ladi;

2019-2020 o‘quv yilida ixtisoslashtirilgan sinflarga 7-sinfdan boshlab 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi;

ixtisoslashtirilgan sinflar uchun kerak bo‘ladigan maxsus sport jihozlari, o‘quv maqsadlarga mo‘ljallangan qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk namunalari va parametrlari Milliy gvardiya tomonidan ishlab chiqiladi;

ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quv mashg‘ulotlarining tashkil etilishi uchun zarur sharoitlar yaratish va maxsus harbiy-texnik va qurol-aslahalardan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar Xalq ta'limi vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga:

ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilarni qabul qilish jarayonlarini tashkil etilishi va o‘tkazilishini qat'iy nazoratga olish;

o‘quvchilar, ularning ota-onalari yoki o‘rnini bosuvchi shaxslar, jamoatchilik o‘rtasida ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi, ulardagi ta'lim-tarbiya jarayoni haqida tushuntirish ishlarini olib borish;

ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilar qabuli yuzasidan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida komissiya tashkil etilishini va ularning belgilangan tartibda faoliyat yuritishini ta'minlash;

har yilning 1 avgustiga qadar qabul jarayonlari uchun jismoniy tayyorgarlik topshiriqlarini tayyorlash va test sinovlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

ixtisoslashtirilgan sinflar uchun o‘quv reja va dasturlarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ayrim fanlarni chuqurlashtirilib o‘qitilishini joriy etish bilan birga o‘quvchilarning qo‘shimcha ravishda mustaqil bilim olishlari uchun yetarlicha sharoitlar yaratish;

Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quvchilarining hududlardagi tarixiy obidalar, muzeylar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor joylarga muntazam tashriflarini uyushtirish;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or uslub va shakllarini, yangi pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, o‘quvchilarning o‘quv, psixologik va jismoniy yuklamalarini optimallashtirishni hisobga olgan holda ta'lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda o‘rnatilgan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarni yuqori tezlikdagi Internet axborot tarmog‘iga to‘liq ulash va o‘quvchilarining undan doimiy ravishda foydalanishlarini ta'minlash;

ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quvchilarining intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan turli to‘garaklar, qiziqishlari bo‘yicha klublar, seksiyalar, shu jumladan, sport seksiyalarini tashkil etish vazifalari yuklatiladi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablarining harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, umumiy o‘rta ta'lim fanlari doirasida harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchilarning davlat ta'lim standartlari talablaridan oshadigan chuqur ta'lim tayyorgarligini ta'minlash ixtisoslashtirilgan sinflarning maqsadi hisoblanadi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarning vazifalari quyidagilardan iborat:

yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga va vatanparvarlik tuyg‘usiga ega intellektual rivojlangan yoshlarni tarbiyalash;

ona Vatan kelajagi uchun o‘ziga mas'uliyatni oladigan, davlat mustaqilligini himoya qilishga tayyor, mustahkam qarashlar va qat'iy fuqarolik pozitsiyasiga ega o‘quvchi-yoshlarni tayyorlash;

o‘quvchilarda harbiy burch va harbiy xizmatni ado etishda zarur bo‘ladigan professional harbiy va ijodiy ko‘nikmalarni shakllantirish;

ta'lim oluvchilarni “Temurbeklar maktab”lari harbiy-akademik litseylar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti va boshqa O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun maqsadli va chuqurlashtirilgan holda tayyorlash.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda ta'lim 7-11 sinf hajmida bo‘lib, kunduzgi ta'lim shaklida amalga oshiriladi. Ta'lim o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida olib boriladi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quv-tarbiya jarayoni Davlat ta'lim standartlari talablari asosida tashkil qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quvchilar bilan dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlar o‘tkazishda turli zamonaviy shakllar va usullardan, jumladan o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha fakultativ va to‘garak mashg‘ulotlari hamda o‘quvchilarni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash tadbirlaridan foydalaniladi.

Ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quvchilari uchun o‘qish, dam olish va turli tadbirlarni qo‘shib olib borishga qaratilgan tibbiy-pedagogik asoslangan kun tartibi tuziladi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarga umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 6-sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirib o‘qitish belgilangan o‘quv fanlaridan muayyan qobiliyatini ko‘rsata olgan (o‘g‘il va qiz bolalar) o‘quvchilar tanlov natijalari asosida qabul qilinadi.

O‘quv yili yakuni bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan ixtisoslashtirilgan sinflarning o‘quvchilari maktab pedagogik kengashi qarori bilan umumiy o‘rta ta'lim maktabining umumiy sinflariga o‘qishni davom ettirish uchun o‘tkaziladi.

O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning ehtiyojidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan sinflarning o‘quvchilarini darsdan tashqari mashg‘ulotlarga to‘liq jalb etilishiga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida shartnoma asosida kuzatuv kengashlari tomonidan o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlantirilishini tashkil etilishi mumkin.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quvchilar soni (har bir sinfda) 30 nafardan oshmasligi lozim.

Ixtisoslashtirilgan sinflarning 9-sinfini yakunlagan o‘quvchilarga umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida shahodatnoma, 11-sinfini tamomlagan o‘quvchilarga umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida attestat beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid