O‘zbekiston | 16:13 / 30.10.2019
18369
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztransgaz» rahbari: Endi resursga ko‘ra emas, talabga qarab gaz yetkazmoqchimiz

Endilikda O‘zbekiston aholisiga tabiiy gaz mavjud resursga qarab emas, talabga ko‘ra yetkazilishi mo‘ljallanmoqda. Bu haqda «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Sayidov Kun.uz`ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Suhbat davomida «O‘ztransgaz» rahbari shu va boshqa qator mavzular yuzasidan fikr bildirib o‘tdi.

– Kattaqo‘rg‘ondagi bir necha qishloqda magistral gaz quvuri yoqasida qurilgan uy-joylar mojarosi 13 yildan beri davom etmoqda. Kun.uz ham bu masalani o‘rgangan edi. Muammoning yechimi bormi?

– Mazkur masala diqqat markazimizda turibdi. Bu uylar «Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent» magistral quvuri atrofida qurilgan va bu quvur juda eskirgan. 2007-2010 yillarda shu quvur atrofidagi qurilishlar yuzasidan ko‘p tortishuvlar bo‘lgan, 12 ta qurilish bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lab ham berilgan. Ammo har bir magistral gaz quvurining himoya zonasi bor, hajmiga yarasha bu zona 125, 140, 200 metrgacha bo‘lishi mumkin.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, «Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent» magistral quvuri atrofida yana 88 ta ana shunday holatlar aniqlangan. Ya'ni bu faqat Kattaqo‘rg‘on bilan cheklanib qolmaydi. Shu sababli bu masala Senatning yalpi yig‘ilishida ko‘tarildi va hukumatga parlament so‘rovi yuborildi.

Hukumat tomonidan tuzilgan maxsus ishchi tomonidan guruh magistral gaz quvurlari himoya zonasidagi barcha bino-inshootlar xoh u qonuniy, xoh noqonuniy bo‘lsin, inventarizatsiya qilinadi va shundan keyin ularning keyingi taqdiri bo‘yicha bir qarorga kelinadi.

Bir narsani ta'kidlashni istardim, himoya zonasi bejizga belgilanmagan. Bu talablarning aksariyati qon bilan yozilgan, ular qo‘llanilishiga qandaydir holatlar sabab bo‘lgan. Biz uchun yurtdoshlarimiz xavfsizligi birinchi o‘rinda turadi.

– Xaritada yurtimizga kirib kelgan va chiqib ketayotgan juda ko‘p gaz quvurlarini ko‘ryapmiz. Kirish va chiqish o‘rtasidagi tafovut qay darajada?

– O‘zbekiston azaldan gaz eksport qiluvchi davlat hisoblangan va biz hech qachon import qilmaganmiz. Mamlakatimiz eksportdan tashqari tranzit xizmatlarini ham ko‘rsatuvchi davlat hamdir. Eksportimiz asosan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Xitoy kabi davlatlarga yo‘naltirilgan.

– O‘z xalqimiz ta'minoti-chi?

– Bu juda muhim masala. Biz har doim o‘z iste'molchilarimizga gaz yetkazib berishda «O‘zbekneftgaz»dan olingan resursga ko‘ra ish qilardik. Ammo prezidentimiz talabiga ko‘ra bu yildan ish uslubimizni o‘zgartiramiz. Endi resursga ko‘ra emas, talabga qarab gaz yetkazib bermoqchimiz.

Ma'lumki, prezidentimizning 4388-sonli qaroriga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» uchta jamiyatga bo‘lindi. «O‘zbekneftgaz» geologorazvedka va qazib olish ishlari bilan shug‘ullanadi. Bizning jamiyatimiz, ya'ni «O‘ztransgaz» gaz transportirovkasi, tranziti va yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga yetkazib berish, «Hududgazta'minot» AJ esa aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini gaz bilan ta'minlash ishlarini amalga oshiradi. Ya'ni endi har bir yo‘nalishning egasi aniq bo‘ldi, aniq mas'uliyatlar yuklandi.

– Markaziy Osiyo hududida bir nechta gaz mojarolari to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan, bu to‘g‘rida rasmiy ma'lumot berilmagan. Bu masalalar ham o‘z yechini topyaptimi?

– Albatta. Yana bir narsani ta'kidlab o‘tish kerak, muhtaram prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan Tojikistonga gaz berish 2017 yil oxiri – 2018 yil boshidan tiklandi. Bungacha bir necha yildan beri biz qo‘shnilarimiz Tojikistonga gaz berishni umuman yopib qo‘ygan edik. Gaz uzatishni tiklaganimizda u yerdagi xalq, iste'molchilar qanchalik xursand bo‘lganini hech qachon yashirishmaydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Suhbatning birinchi qismi:

«Markaziy Osiyo gaz tizimini O‘zbekistonda markazlashtirish kerak» – «O‘ztransgaz» rahbari bilan suhbat

Mavzuga oid