O‘zbekiston magistral gaz quvurlarida shu yilning o‘zida 4ta avariya ro‘y bergan
O‘zbekistonda magistral gaz quvurlaridan foydalanish muddati, shartlari va me'yorlari masalalariga oid qonun hujjatlari ishlab chiqilmagan, quvurlar diagnostikasi to‘liq o‘tkazilmayapti. Natijada «O‘ztransgaz» tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining 68 foizining texnik holati ma'lum emas.
Boz ustiga, mavjud 13 ming km magistral gaz quvurlarining 11,5 ming kilometri 20 yildan ko‘proq muddatdan buyon foydalanib kelinmoqda.
Senat yalpi majlisida ma'lum qilinishicha, gaz quvurlarida jiddiy avariyalar sodir bo‘layotgani yuqoridagi faktlar bilan izohlanadi.
«Masalan, 2014 yil 13 iyulda «Xovost-Farg‘ona» magistral gaz quvurida sodir bo‘lgan avariyada 4 nafar fuqaro tan jarohatlari olgan va ularning 2 nafari vafot etgan. Yoki, faqat joriy yilda magistral gaz quvurlarida 4 marta turli avariyalar, ya'ni portlash, yong‘in va baxsiz hodisalar sodir bo‘lgan», – dedi senator Boymatjon Rasulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu favqulodda holatlar quvurlarning yaroqsiz holga kelishi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi tufayli kelib chiqqan. Avariyalar natijasida yo‘qotilgan gaz hisobiga davlatga 1,5 mlrd. so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Senat a'zosi keltirgan raqamlarga ko‘ra, «Hududgazta'minot» AJga qarashli jami 88.731 kilometr, shu jumladan ko‘p qavatli uylardagi gaz quvurlarining 20.373 kilometri 10 yilgacha, 25.865 kilometri 10 yildan 20 yilgacha, 42.493 kilometri 20 yildan 30 yilgacha va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda. Ularning ham texnik holatini diagnostika qilish ishlari amalda to‘liq bajarilmay kelmoqda.
«Ikkinchidan, aholining hayoti va mol-mulki, atrof muhit, turli obektlar, gaz quvurlari hamda uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdidlardan yana biri – magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarning mavjudligidir.
2019 yilning 1 iyul holatiga himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalar jami 2.063 tani tashkil qilib, ularning 879tasini buzish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasida sudlarga kiritilgan da'vo arizalarining 810 tasi qanoatlantirilgan va atigi 35 tasining ijrosi ta'minlangan.
Himoya zonalaridagi noqonuniy qurilmalarni hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, ularning aksariyati Buxoro, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Ta'kidlash lozimki, noqonuniy qurilmalarning soni o‘tgan bir yilda kamayish o‘rniga 67 taga ko‘paygan.
Uchinchidan, iste'molchilarga tegishli, shu jumladan ko‘p qavatli uylardagi gaz quvurlarining nosozligi, avtomatik sozlash, nazorat qilish asboblariga ega bo‘lmagan isitish moslamalaridan foydalanish, isitish moslamalari, dudbo‘ronlar va shamollatish kanallaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi natijasida fuqarolarning is gazidan zaharlanishi hamda boshqa favqulodda holatlar ro‘y bermoqda.
To‘rtinchidan, texnik ishlatish qoidalariga asosan magistral gaz quvurlaridan uzoq muddat foydalanishni ta'minlash maqsadida ularni elektr kimyoviy himoya qilish lozim bo‘lsa-da, bu talab ham to‘liq bajarilmayapti.
Jumladan, magistral gaz quvurlarining 80 foizi va «Hududgazta'minot» AJ tasarrufidagi yer osti gaz quvurlarining 16 foizi elektr kimyoviy vositalar bilan himoyalangan xolos.
Beshinchidan, aholi, turli obektlar va gaz tarmoqlarining xavfsizligiga jiddiy tahdidlardan yana biri – gazni taqsimlash stansiyalari va gazni rostlash punktlarining texnik ahvoli hisoblanadi.
Jumladan, magistral gaz quvuridagi gaz bosimini pasaytirish, odorizatsiyalash va hisobga olish vazifasini bajaruvchi gazni taqsimlash stansiyalarining texnik holati qoniqarli ahvolda emas.
Bugungi kunda «O‘ztransgaz» AJga qarashli jami 372 ta gazni taqsimlash stansiyalari mavjud bo‘lib, ularning 78 tasi 10 yilgacha, 78t asi 10 yildan 20 yilgacha, 216 tasi 20 yildan 30 yilgacha va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Shu kabi, «Hududgazta'minot» AJga qarashli jami 75.233 ta gazni rostlash punktlaridan 17.176 tasi 10 yilgacha, 21.600 tasi 10 yildan 20 yilgacha, 36.457 tasi 20 yildan 30 yilgacha va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Ularning aksariyati ma'nan eskirgan, uch tomonlama jo‘mraklar, maxsus moylar, bosim o‘lchash manometrlari yetishmaydi, ko‘plarida saqlagich klapanlari va gaz bosimini tartiblash qurilmalaridagi rezina qismlar yaroqsiz holga kelgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi viloyatlariga gaz yetkazib beruvchi «Ohangaron» kompressor stansiyasi 2009 yildan faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan Davlat qabul komissiyasi tomonidan bugungi kunga qadar rasman foydalanishga qabul qilinmagan.
Oltinchidan, «O‘ztransgaz» AJ tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalarni o‘z vaqtida tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida barcha hududiy korxona va boshqarmalarda zaxira quvurlari bo‘lishi lozim.
Lekin, foydalanishdagi aksariyat magistral gaz quvurlarini ma'nan eskirganligi, ularning diagnostikasi va texnik soz holatda saqlash ishlarini lozim darajada olib borilmayotganligi natijasida avariya sodir bo‘lish ehtimoli juda yuqori bo‘lishiga qaramasdan, zaxira quvurlar bilan ta'minlash rejasi ham to‘liq bajarilmayapti», – dedi Rasuljon Boymatov o‘z ma'ruzasida.
Senatorlar tabiiy gaz quvurlari tizimi va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi ahvoli yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborishga qaror qilishdi.
Senat a'zolari hukumatdan so‘rovda qayd etilgan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarni bayon qilishni talab qilmoqda.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024