O‘zbekiston | 12:40 / 12.11.2019
3690
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya 2 mln dollarlik venchur jamg‘armasi tuzadi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasi Venchur kapital kengashi rahbari Goktekin Dincherlar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tomonlar hamkorlikdagi 2 mln. AQSh dollari miqdoridan kam bo‘lmagan o‘zbek-turk venchur jamg‘armasini tuzish masalasini muhokama qildilar. Mazkur venchur jamg‘armasini tashkil etishdan maqsad innovatsion loyihalarni va startaplarni moliyalashtirish orqali mamlakat venchur ekotizimini rivojlantirishdir. 

Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida venchur moliyalashtirishdagi hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.

Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashi (TTDHK) yig‘ilishi doirasida qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish maqsadida qo‘shma texnoparklar, startap korxonalar, innovatsion kompaniyalar va venchur kompaniyalar tuzish orqali kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish belgilangan. Bunda TTDHKga a'zo-davlatlarning, xususan Turkiyaning bu sohadagi tajribasini o‘rganish va joriy etish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasi Venchur kapital kengashi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tomonlar qo‘shma venchur jamg‘armasini tashkil etish bilan bir qatorda ikki davlat innovatsion ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan investitsion va venchur hamkorlik dasturlarini amalga olishga kelishdilar. 

Shuningdek, innovatsion loyihalar, startaplar va boshqa istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish maqsadida malakali investorlar kapitalini yaratish, jamlash va boshqarish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatiladi. Mazkur sohada axborot almashish, yuqori texnologiyali startap loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish, turli tadbirlar, konferensiyalar, treninglar o‘tkazish, kadrlarning malakasini oshirish ishlari olib boriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid