10:34 / 13.11.2019
0
31093

9 yoshidayoq bakalavr - niderlandiyalik vunderkind rekordga yaqinlashyapti

Foto: Twitter

Yaqinda oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomning eng yosh egasiga niderlandiyalik 9 yoshli Loran Simons aylanadi, u bir necha oydan so‘ng Eyndxoven texnika universitetini bitiradi.

Hozirgacha oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomning eng yosh egasi 10 yoshida Alabama universitetini bitirgan amerikalik Maykl Karni hisoblanar edi.

Loran Simons elektrotexnika fakultetida tahsil olmoqda. U universitetga atigi bir yil oldin kirgan.

Vunderkind maktabning o‘rta va yuqori sinflari olti yillik dasturini atigi 1,5 yil ichida o‘zlashtirdi va o‘tgan yil yozda, sakkiz yoshida, o‘rta ma'lumot haqida attestat oldi.

Yozgi ta'tildan so‘ng, u universitetda o‘qishni boshladi. Qayd etilishicha, universitet dasturini ham barcha kursdoshlariga qaraganda ancha tezroq o‘zlashtirgan.

Bolaning IQ darajasi 145ga teng, u fotografik xotiraga ega. Loranning so‘zlariga ko‘ra, eng sevimli fani - matematika, sababi statistika, geometriya va algebrani o‘z ichiga oladi.

Kelajakda u kardiojarroh bo‘lishni xohlayapti. Bola maktabda o‘qigan paytidayoq Amsterdam universitetining tibbiy fakultetidagi maxsus kursda tahsil olgan.

Loran Simonsning so‘zlariga ko‘ra, odamlar hayotini uzaytirish uchun vosita topishni orzu qiladi.

Loran Simonsning onasi Belgiyadan, otasi esa hollandiyalik. Bola Belgiyada tug‘ilgan, keyin oila Niderlandiyaga ko‘chib ketgan.

Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, ular oilada vunderkind ulg‘ayib kelayotganini juda erta bilishgan. Lorenning otasi aytishicha, o‘g‘li, tengdoshlaridan farqli o‘laroq, o‘yinchoqlarga unchalik qiziqmasdi.

«Agar u ertaga duradgor bo‘lishga qaror qilsa, bu biz uchun muammo bo‘lmaydi. Muhimi, bu uning o‘zini xursand qilsa bo‘ldi», - degandi Lorenning otasi bir yil oldin, o‘g‘li universitetga kirganida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top