Jahon | 00:59 / 17.11.2019
4901
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Boliviyadagi vaziyat izdan chiqib ketishidan xavotir bildirdi

Foto: Reuters

Boliviyadagi vaziyat izdan chiqib ketishi mumkin, namoyishlarni tarqatishda armiya va politsiya tomonidan kuch ishlatilishi namoyishchilarni “g‘azablantirishi” mumkin, deyiladi BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet bayonotida.

"Bizda namoyishlar davomida kamida 17 kishi, jumladan, keyingi olti kun ichida 14 kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida ma'lumot bor. Bu voqelarning o‘ta xavfli rivojlanishi, chunki u zo‘ravonlikni pasaytirish o‘rniga kuchaytirishi mumkin", - dedi u.

Bachelet agarda hukumat barcha xalqaro me'yor va standartlar asosida chora ko‘rmasa, Boliviyadagi vaziyat izdan chiqib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

10 noyabrda Boliviyaning endilikda sobiq prezidenti Evo Morales mamlakatda yuz berayotgan tartibsizliklar tufayli prezident lavozimini tark etishini e'lon qilgandi. Uning ortidan vitse-prezident Alvaro Garsia Linera va mamlakatning oliy rahbariyati ham iste'foga chiqqan.

Senator-demokrat Janin Anes 12 noyabrda o‘z zimmasiga Boliviyaning vaqtinchalik prezident vakolatlarini olishini e'lon qildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid