O‘zbekiston | 14:36 / 18.11.2019
12431
7 daqiqa o‘qiladi

Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari tasdiqlandi.

 Hujjat 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi doirasida va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-son “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan, deb yozmoqda Norma.

 Ma'lumot uchun:

qattiq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek ularning hududida va obodonlashtirish obektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar (oziq-ovqat va o‘simlik chiqindilari, to‘qimachilik mahsulotlari, o‘rash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qog‘oz, plastmassa, yog‘och chiqindilari, o‘zining foydalanish xususiyatlarini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, supurindi, shuningdek qattiq yoqilg‘ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug‘qozonlaridan foydalanish natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar);

suyuq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar (oqova suvlar, chiqindi to‘kiladigan o‘ralar va septiklarda yig‘ilgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari);

yirik gabaritli maishiy chiqindilar - jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirgan mebellar, maishiy texnikalar (sovitkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va shu kabilar), tashkiliy texnikalar (kompyuterlar, printerlar va shu kabilar), texnik uskunalar, avtotransport vositalarini almashtirish natijasida hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilar, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va o‘lchamlari bo‘yicha 0,75 kub.m hajmli konteynerlarga joylashtirishning imkoni bo‘lmagan qurilish chiqindilari.

 Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish rejali (jadvalga asosan) yoki rejadan tashqari (iste'molchi buyurtmasiga asosan, alohida to‘lov evaziga) bo‘lishi mumkin. Rejadan tashqari tartibda suyuq va yirik gabaritli maishiy chiqindilar, chorvachilik, qurilish chiqindilari, tuproq, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va smyotni olib chiqib ketish amalga oshiriladi.

 Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qattiq maishiy chiqindilarning uzluksiz olib chiqib ketilishini tashkil etish maqsadida:

ixtisoslashtirilgan transportning harakat yo‘nalishlarini belgilaydi;

ixtisoslashtirilgan transportning ekipajiga xavfsizlik texnikasi, sanoat va yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari, shuningdek ekologik nazorat bo‘yicha yo‘riqnoma va tushuntirishlar beradi;

ishchi xodimlarni maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa jamoaviy, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta'minlaydi;

QMChni olib chiqib ketish bo‘yicha yo‘nalish chizmasi va jadvaliga rioya qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.

 Ixtisoslashtirilgan transport yo‘nalish chizmasi va harakat jadvalini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:

ixtisoslashtirilgan transport vositalarida harakatlanishda yo‘ldan va yuk ko‘tarish imkoniyatidan unumli foydalanish koeffitsiyentining maksimal darajasiga erishish;

qattiq maishiy chiqindilarni transport harakati serqatnov bo‘lgan ko‘chalardan olib chiqib ketish sutkaning tungi paytlarida amalga oshirilishi;

turar joy va noturar joy obektlar yo‘nalishlarini birlashtirish;

qayta yuklash yoki zararsizlantirish obektlariga olib boruvchi har bir yo‘nalishni imkon qadar maqbul yo‘llar bo‘yicha belgilash.

 Qattiq maishiy chiqindilar ixtisoslashtirilgan transport vositalarida tashiladi, yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilari, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan chiqindilar bundan mustasno. Ixtisoslashtirilgan transportga bo‘shatish texnik mexanizmlar (manipulyatorlar) yoki zarurat bo‘lganda ekipaj a'zolari tomonidan qo‘l kuchi bilan amalga oshiriladi. Konteynerlar to‘liq, qoldiqsiz tozalangandan keyin sanitariya talablariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi kerak.

 Ixtisoslashtirilgan transport vositalarining har bir qatnovi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ip o‘tkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi.

 Suyuq maishiy chiqindilarni bo‘shatish va tashish shu maqsadlar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan transport vositasida (assenizatsiya transport vositasida) amalga oshiriladi. Bunda texnika xavfsizligi qoidalariga alohida e'tibor berilishi lozim: transport vositasi va ekipaj a'zosining chiqindi yig‘iladigan o‘raga xavfsiz yaqinlashish masofasi, himoya vositalaridan (respiratorlardan) foydalanish, qo‘l tormozi va tormoz moslamalaridan foydalanish, shlanglar, nasoslar, boshqa texnika va tutash hududni tozalash. Suyuq maishiy chiqindilarni bu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan va nosoz transportda tashish taqiqlanadi.

 Maxsus ajratilgan maydonchalarda to‘plangan yirik gabaritli maishiy chiqindilar ularning to‘planish me'yorlariga muvofiq, biroq har oyda kamida 2 marta olib chiqib ketilishi zarur.

 Poligon hududiga kirayotgan va chiqib ketayotgan ixtisoslashtirilgan transport kirish/chiqish punktida maxsus nazorat-dezinfeksiya hududidan o‘tadi, og‘irligi tarozida yuk bilan va yuksiz tortiladi. Ma'lumotlar yo‘l varaqalari hamda ip o‘tkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi. Ekipaj yuklovchilarining poligon hududiga kirishlari taqiqlanadi, ular transport vositasining qaytishini poligonning maishiy xonalarida kutishadi.

 Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni tashishda atrof muhitning chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish choralarini ko‘rishi zarur. Maishiy chiqindilarni aholi yashash punktlari yerlariga, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarga va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarga ko‘mib tashlash taqiqlanadi.

Mavzuga oid