Jahon | 23:36 / 22.11.2019
7044
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron aloqa vaziriga internet bloklanishi sababli sanksiya kiritdi

Eron aloqa va kommunikatsiyalar vaziri Muhammad Ozariy Jahromiy AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi ma'lum qildi.  

Sanksiyalar Jahromiyning Eronda internet bloklanishidagi ishtiroki uchun kiritilgan. 

“Eronda Jahromiy vazirligi boshqaruvida bo‘lgan internetga kirish noyabrda bir necha kunga bloklangandi. Eronning ta'kidlashicha, bu qadam tuzumga qarshi butun Eron bo‘ylab o‘tgan norozilik namoyishlari ortida milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilgan”, deyilgan AQSh moliya vazirligi xabarida.

AQSh moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Jahromiy Eronda “internetda senzura” siyosatini ilgari surgan hamda muxolifat faollari ortidan kuzatuv olib borishda ishtirok etgan. 

Endi AQSh Eron vaziriga qarashli aktivlarni muzlatib qo‘yadi hamda AQSh fuqarolariga u bilan ishlar olib borilishi taqiqlanadi.

Bundan bir kun avval AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumatini mamlakatdagi vaziyatni butun dunyodan internetga kirishni to‘sish yordamida yashirishga urinayotganlikda ayblagandi. 

Eronda internetga kirish mamlakatda benzin narxi oshishiga qarshi namoyishlar ortida o‘tgan dam olish kunlaridan beri to‘liq bloklab qo‘yilgandi. 21 noyabrda OAVda Eronda internet sekin-asta tiklanayotgani ma'lum qilingan. 

Mavzuga oid