Jahon | 09:47 / 26.11.2019
8544
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQShni Hongkongdagi namoyishlarning “bosh homiysi” deb atadi

Foto: REUTERS / Kim Kyung-Hoon

Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yuychen Hongkongda yuz berayotgan katta ko‘lamli norozilik namoyishlarini g‘arb davlatlarining tashqi aralashuvi bilan tushuntirdi.

Uning aytishicha, namoyishlarning bosh “homiysi” Xitoyni jahon arenasida zaiflashtirishga urinayotga AQSh hisoblanadi.  

“Bu ko‘p jihatdan tashqi, birinchi navbatda, AQSh va boshqa g‘arb davlatlari tomonidan aralashuv bilan bog‘langan. Shu sababli, biz AQShni bu g‘alayonlarning sahna ortidagi homiysi, deb hisoblaymiz”, deb aytgan diplomat.

U, shuningdek, AQShning Xitoy va Rossiyani bosib turish siyosatini xato deb atagan va bu masalada Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 

“Biroq bu urinishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan hech qanday qo‘llab-quvvatlov olmayapti. Ular katta xato qildilar. Aminmanki, AQShning bu urinishlari barbod bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Yuychen.

24 noyabrda Hongkongda mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi va unda aksariyat hududlarda Xitoy siyosatiga qarshi nomzodlar g‘alaba qozondi. Xitoyning maxsus ma'muriy hududi hisoblangan Hongkongda yozdan beri hukumat siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari to‘xtamayapti.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid