Jamiyat | 23:23 / 27.11.2019
8421
4 daqiqa o‘qiladi

Foyda solig‘idan avans to‘lovlarining talab etilishi qonuniymi?

Davlat Soliq Qo‘mitasi (DSQ) foyda solig‘ini hisoblash va budjetga to‘lash bilan bog‘liq ba'zi vaziyatlar bo‘yicha tushuntirish berdi.

«Soliq kodeksining 164-moddasiga asosan, korxonalar har chorakning birinchi oyi 10-sanasigacha ushbu chorakda kutilayotgan foydasi va to‘laydigan foyda solig‘i to‘g‘risidagi ma'lumotnomani ro‘yxatdan o‘tgan davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etishlari kerak.

Ushbu ma'lumotnomaga asosan soliq bazasi miqdori 44,7 mln.so‘mdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik sub'yektlari, to‘laydigan soliq summasining 1/3 qismini har oyning 10 – sanasigacha avans tariqasida amalga oshirish majburiyatiga ega. Bunday majburiyat bugungi kunda Respublika bo‘yicha 9241 to‘lovchilarda mavjud.

Bu soliq to‘lovchilarning 8671tasi yoki 94 foizi majburiyatlarini qonunda belgilangan tarzda o‘z muddatida bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, 6 foiz yoki 570ta soliq to‘lovchilar 2019 yil yilning IV choragi uchun foyda solig‘i joriy to‘lov ma'lumotnomasida soliq summasini o‘tgan choraklarga nisbatan kamaytirib ko‘rsatgan yoki umuman ko‘rsatmagan.

Bu o‘z navbatida, ishlab chiqarish umuman to‘xtatildi yoki tovarlar realizatsiya qilinmayapti degani. Aslida, tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar o‘z tasdig‘ini topmayapti, korxonalar esa o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Masalan, Andijon viloyatidagi «Vodiy gavhari» korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) joriy yilning II choragida 170,2 mln.so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, III chorak joriy to‘lovlari (avans) uchun 12,0 mln.so‘m to‘lashi to‘g‘risida ma'lumotnoma bergan yoki II chorakka nisbatan o‘rtacha 158 mln.so‘mga (170-12) kam ko‘rsatgan. Natijada, III chorak uchun kamaytirib ko‘rsatilgan joriy to‘lov summasining 1/3 qismiga iyul, avgust va sentabr oylari uchun 5,5 mln.so‘m penya hisoblandi.

Toshkent shahridagi «Yuksak qurilish» korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) joriy yilning II choragida 215 mln so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, III chorak joriy to‘lovlari (avans) uchun bergan ma'lumotnomasida to‘lanadigan soliq summasini nol ko‘rsatgan. Natijada, III chorak uchun joriy to‘lov amalga oshirilmaganligi hisobiga korxonaga nisbatan kechiktirilgan kunlar uchun 7,3 mln.so‘m penya hisoblandi.

Shu kabi korxonalarga soliq organlari murojaat qilsa, «men folbinmanmi», «nega kelgusida oladigan foydam uchun soliq to‘lashim kerak» degan asossiz e'tirozlarni ham bildirayotgan holatlar mavjud.

Hurmatli soliq to‘lovchilar, ortiqcha harajatlarni oldini olishingiz uchun IV chorak foyda solig‘i joriy to‘lov ma'lumotnomasini aniqlashtirgan holda qayta ko‘rib chiqishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu bilan birga, ayrim soliq organlari tomonidan budjetga muddati kelmagan soliq to‘lovlari asossiz talab qilinayotgan bo‘lsa, bunday talabni bajarmasligingizni va bu to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasining Ishonch telefoniga (71–244-98-98) zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz», - deyiladi DSQ matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid