O‘zbekiston | 11:04 / 27.11.2019
9523
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy valutada belgilangan davlat boji stavkalari qayta ko‘rib chiqilmoqda

Foto: AP Photo / Emrah Gurel

Qonunchilik palatasining 2019 yil 26 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Mazkur qonun loyihasi davlat bojlarini undirishni tartibga soluvchi 38 ta normativ-huquqiy hujjatni birlashtirgan.

Qayd etilganidek, xorijiy ilg‘or amaliyotni o‘rganish natijalari bo‘yicha, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik yoki bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan davlat boji Soliq kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishda uni tartibga solish predmetidan chiqarilib, alohida qonun loyihasiga o‘tkazildi.

Loyihada konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi hamda faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga litsenziya va ruxsatnoma berganlik uchun davlat boji undirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbarining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valutada undirilishi belgilangan. Konsullik yig‘imlari bundan mustasno.

Ushbu farmon ijrosini ta'minlash maqsadida, xorijiy valutada belgilangan davlat bojlari stavkalari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ya'ni, ularni bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib, so‘m ekvivalentida undirish tartibi qonun loyihasida o‘z aksini topgan. Umuman olganda, davlat boji stavkalari o‘zgarishsiz qolmoqda. Ularning miqdori qonun loyihasi ilovasiga muvofiq belgilanadi.

Qonun loyihasida bir qator turlar bo‘yicha stavkalar pasaytirilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik hamda adliya organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun to‘lanadigan davlat bojlarining kamaytirilishi belgilanmoqda.

Deputatlarning fikricha, davlat bojining aniq miqdorlari qonun darajasida belgilanishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Shuningdek, stavkalar miqdori asossiz oshirilishining oldi olinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid