O‘zbekiston | 15:07 / 02.12.2019
71242
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda juda iliq ob-havo saqlanib turadi - «O‘zgidromet»

Foto: KUN.UZ

Noyabrning oxirgi kunlarida atmosferada havo oqimlari keskin o‘zgardi. O‘zi bilan Rossiyadan sovuq havo olib kelgan shimoli-g‘arbiy shamollar o‘rnini O‘zbekiston hududiga xorijiy janubdan kirgan juda iliq havo oqimi egalladi. 

«O‘zgidromet»ning yozishicha, havo juda tez ilib, o‘tgan dam olish kunlari 13-18 darajaga, ayrim joylarda 20-22 darajagacha ko‘tarildi, bu dekabr oyining boshlanishi uchun xos bo‘lgan iqlimiy me'yorlardan 7-9 darajaga yuqoridir.

Shu haftaning asosiy qismida respublikada juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Harorat foni kechasi 4-9 daraja, kunduzi 14-19 daraja atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilik bo‘lmaydi.

Haftaning oxiriga borib, juma va shanba kunlari O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi tomondan nisbatan salqin va nam havo oqimlarining kirishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha havoning bulutliligi ortib, ayrim joylarda yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15-20 metrga yetadi.

Kunduzgi harorat 7-12 daraja iliqqacha tushadi, kechasi 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi, bunday harorat iqlimiy me'yorlarga yaqin.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid