Parijda Putin va Zelenskiy ishtirokida “normand to‘rtligi” uchrashuvi boshlandi
Parijda Ukraina sharqidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha “normand to‘rtligi” yetakchilarining muzokaralari boshlandi. Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Germaniya kansleri Angela Merkel va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi uchrashuv Yelisey saroyining Myurat zalida bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuv belgilangandan 1,5 soatlik ushlanish bilan boshlangan. Putin va Zelenskiy stol atrofida bir-birlariga qarama-qarshi tomondan joy olishgan.
Muzokaralar oldidan yetakchilar o‘rtasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Putin va Zelenskiy Merkel va Makron bilan navbati bilan suhbatlashishgan.
Uchrashuvga 3 soat vaqt ajratilgan, so‘ngra uning yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjuman bo‘lib o‘tadi.
Matbuot anjumandan so‘ng Rossiya va Ukraina prezidentlari alohida uchrashuv o‘tkazadilar. Bu ularning ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.
Uchrashuv matbuot uchun yopiq holda o‘tmoqda. Makron va Zelenskiy ilk bor bunday uchrashuvda ishtirok etishmoqda.
Uchrashuv o‘tayotgan zalda 2015 yil 2 oktyabrda “normand to‘rtligi”ning avvalgi muzokaralaridan biri o‘tkazilgan. O‘sha uchrashuvda Putin va Merkeldan tashqari, Fransiya va Ukrainaning o‘shandagi prezidentlari Fransua Olland va Pyotr Poroshenko ishtirok etgan.
Donbassdagi ixtilofni tinchlik bilan tartibga solish negizida Minsk kelishuvlari yotadi. Ular o‘t ochishni to‘xtatish, qurolni olib ketish, afv etish, iqtisodiy aloqalarni tiklash, Ukrainada Donetsk va Lugansk viloyatlarining alohida maqomini hisobga olgan holda markazsizlashtirish bo‘yicha chuqur konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilishini ko‘zda tutadi.
“Normand to‘rtligi”ning avvalgi sammiti 3 yil avval, 2016 yil 19 oktyabrda Berlinda bo‘lib o‘tgandi. O‘sha sammit yakunlariga ko‘ra, 4 davlat tashqi ishlar vazirliklariga Minsk kelishuvlarini bajarish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish vazifasi topshirilgandi.
Mavzuga oid
08:31
Parij prokuraturasi Marin Le Penga 5 yillik qamoq jazosini talab qilmoqda
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024