Jamiyat | 21:58 / 11.12.2019
5050
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi 81-maktab tadbirkor tomonidan to‘liq qayta ta'mirlab berildi

81-maktabning sobiq o‘quvchisi, “Real House” kompaniyasi ta'sischisi Isroil Yunusov tashabbusi bilan muassasaning to‘liq kapital ta'miri uchun 7 milliard so‘m ajratilib, obod maskanga aylantirildi, deyiladi Ma'rifat gazetasida chop etilgan maqolada.

Shuningdek, maqolada 56 yil muqaddam qurilgan maktab binosi keyingi yillarda ancha ta'mirtalab bo‘lib qolgani, ko‘cha yuzidagi ushbu maktabning yarmi kemtik panjarali bo‘lib qolgani, to‘rt qavatli binoning tashqi devorlari ham nuray boshlagani, ayniqsa, maktabning qo‘shimcha binosi achinarli holatga kelib qolgani aytiladi.

Shu bois mazkur maktab o‘quvchilari soni shu kungacha ming nafardan oshmagan. Bir necha yil avval maktablar monitoringida muassasa past natija ko‘rsatib kelgan.

Maktab direktori Ziyoda Haydarovaning sa'y-harakatlari natijasida muassasa o‘tgan yili reytingda 300 dan ziyod maktab orasida 14-o‘rinni egallagan.

«Faxriy o‘qituvchilar bilan bamaslahat tadbirkor va jamiyatda o‘z o‘rnini topgan sobiq o‘quvchilarni izlay boshladik. Shukrki, maktabning obodligi uchun hissa qo‘shishga tayyor homiylarimiz safi kengaya bordi. O‘quv yili yakunida “Real House” kompaniyasi ko‘magida kapital ta'mirlash va rekonstruksiya ishlarini boshlab yubordik. Uch oy davomida 150 nafar quruvchi-usta tinmay mehnat qildi.

Shu qisqa davr ichida o‘quvchilar soni 1 400 nafardan oshdi. Ularga 81 nafar malakali pedagog ta'lim-tarbiya bermoqda», — deya maktab direktori Ziyoda Haydarovaning so‘zlarini keltiradi Ma'rifat muxbiri Shoira Boymurodova.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid