15:43 / 12.12.2019
0
28982

AQSh nashri dunyodagi eng kuchli flotlarga ega davlatlarni sanab o‘tdi

Foto: Wikipedia

AQShning The National Interest jurnali eng kuchli flotlarga ega davlatlarni sanab o‘tdi. 

Reyting mualliflarining talqinicha, eng kuchli flotlar reytingining eng yuqori pog‘onasini AQSh floti egallamoqda. Ta'kidlanishicha, u eng ko‘p sondagi kemalar va eng katta javobgarlik hududiga ega. “Birorta boshqa harbiy-dengiz floti AQSh harbiy-dengiz kuchlari kabi bunday katta qamrovga ega emas. Bu flot Tinch, Atlantika va Hind okeanlarida, O‘rta yer dengizi, Fors ko‘rfazi va Afrika shoxida muntazam faoliyat olib boradi”, deyilgan maqolada.   

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, AQSh floti 288 ta jangovar kema, jumladan 10 ta aviatashuvchi kema, 9 ta desant kemasi, 22 ta kreyser, 62 ta esminets, 17 ta fregat va 72 ta suv osti kemasiga ega.

2-o‘rinni Xitoy floti egallagan. Ta'kidlanishicha, ushbu flot oxirgi 25 yil ichida katta yo‘lni bosib o‘tib, hozirda bitta aviatashuvchi kema, 25 ta esminets, 42 ta fregat, 3 ta desant kemasi, 8 ta yadro quroli tashiy oladigan va 50 taga yaqin noyadroviy qurolga ega suv osti kemasidan iborat. 

The National Interest talqinicha, Rossiya floti kuchliligi bo‘yicha 3-o‘rinda turadi. Maqolada ta'kidlanishicha, Rossiya harbiy-dengiz kuchlari sobiq ittifoq kemalarining katta qismini meros qilib olgan, biroq qurollanishga muntazam ravishda yangi texnika kelmoqda. Jurnalistlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya flotida 79 ta jangovar kema, jumladan bitta aviatashuvchi kema, 13 ta esminets, 5 ta kreyser va 52 ta suv osti kemasi hamda bir necha o‘nlab desant kemasi bor. 

4-o‘rinni Britaniya qirollik harbiy-dengiz floti egallagan. Unda 19 fregat va esminets, 3 ta yirik desant kemasi, qanotli raketa va torpedolarga ega 7 ta suv osti kemasi, ballistik raketali 4 ta atom suv osti kemasi bor. Ushbu flot tez orada 2 ta aviatashuvchi kemani qurollanishga olib, o‘z imkoniyatlarini yanada kuchaytirishi mumkin.

Beshtalikning so‘nggi o‘rnini Yaponiya floti 114 ta kema bilan egallagan. Unda 46 ta esminets, 16 ta suv kemasi va boshqa turdagi jangovar kemalar bor. 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top