Jamiyat | 23:24 / 12.12.2019
6403
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: qurilishga ruxsat berish jarayoni qisqaradi

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Kun.uz saytida 2019 yilning 11 dekabr kuni chop etilgan Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Husan Ochilovning “Qurilish sohasida qurilish: muammo va yechimlar” sarlavhali maqolasida keltirilgan fikr va raqamlarga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yil 28 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 961-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, unda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 30 maydagi 150-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasida ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish tartibotlarini amalga oshirish muddatlari va qiymatini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning bir qator bandlariga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan.

“Unga asosan, maqolada ko‘rsatilganidek, qurilishga ruxsat berish jarayoni 240 kundan 110 kunga emas, balki 254 kundan 84 kunga qisqartirilgan. Qurilish vazirligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar uchun sarflanadigan muddat esa 87 kundan 25 kunga qisqarishi ko‘zda tutilgan.

Bulardan:

– yer maydoni tanlash hujjatlarini tayyorlash va tegishli tashkilotlar bilan kelishish, ARTni tayyorlash uchun vaqt sarfi 31 kunni tashkil etib, shundan Qurilish vazirligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalarga 13 kun sarflanadi;

– yerni auksion savdosi orqali ART bilan birgalikda sotib olish vaqti sarfi esa 29 kunni tashkil etadi. Bunda Qurilish vazirligining ishtiroki belgilanmagan;

– loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, ekspertizadan o‘tkazish va qurilish boshlangani to‘g‘risida xabarnoma yuborish uchun vaqt sarfi

13 kunni tashkil etib, shundan 9 kuni Qurilish vazirligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar uchun sarflanadi;

– muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun vaqt sarfi

esa 5 kunni tashkil etib, bunda Qurilish vazirligining ishtiroki belgilanmagan;

– obektni foydalanishga qabul qilish va ro‘yxatga olish uchun vaqt sarfi 6 kunni tashkil etadi va shundan 3 kuni Qurilish vazirligi organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar uchun sarflanadi”, deyiladi Qurilish vazirligi Matbuot xizmati tomonidan.

Shu bilan birga yuqorida qayd etilgan hukumat qarori bilan “Qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risidagi xabarnoma yuborish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma'muriy reglamenti” va uning ilovalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgani ta'kidlanadi.

Qayd etilgan o‘zgartirishlar 2020 yil yanvar oyidan kuchga kirishi bilan Qurilish vazirligidan qurilishga ruxsat berish tartibi 17 bosqichdan 6 bosqichga qisqaradi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid