O‘zbekiston | 15:16 / 13.12.2019
43560
5 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev: «Tuman deputatlariga hokimni ishdan bo‘shatish huquqini berish kerak»

Foto: KUN.UZ

12 dekabr kuni Toshkentda siyosiy partiyalar a'zolari va O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya elchilari hamda BMTning O‘zbekistondagi bosh koordinatori qatnashdi.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot partiya vakillariga: «Siz hukumatning qaysi yo‘nalishdagi harakatlarini ko‘proq nazorat qilish muhim, deb hisoblaysiz? Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?» deya savol bilan murojaat qildi.

Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarning mazkur savolga javoblari quyidagicha bo‘ldi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Nodir Tilavoldiyev:

– Ijroiya hokimiyatining faoliyati bo‘yicha bir qancha tanqidiy fikrlar yuribdi. Men bu fikrlarni o‘rinli deb hisoblayman. Ijro hokimiyatida haligacha eskicha fikrlaydigan odamlar juda ko‘p. O‘ylaymanki, joylardagi ijro hokimiyatlariga ham yangicha fikrlaydigan, ambitsiyasi yuqori, zamonaviy kadrlarni olib kelish vaqti keldi.

Bu narsa respublika darajasida boshlangan: hozir juda ko‘p vazirlarimiz, vazir o‘rinbosarlarimiz – yosh, g‘ayratli, chetda o‘qigan yigitlar. Viloyatlarda ham, tumanlarda ham kadrlar masalasiga e'tibor berib, salohiyatli, shijoatli, qadamidan o‘t chaqnaydigan yoshlarni olib kelishimizni xohlayman. Ana shunda biz joylarda ham o‘zgarish qila olamiz.

«Adolat» demokratik partiyasi vakili Oydin Abdullayeva:

– Parlamentimizda hisobdorlik tajribasi hozir keng qo‘llaniladi. Fikrimcha, bu narsa aynan madaniyat va ta'lim sohalarida kengroq qo‘llanilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bu sohalarda muammolar yig‘ilib qolgan.

Fuqarolik jamiyati rivojlanishiga kelsak, biz mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘proq huquq berishimiz kerak, ko‘proq erkinlik berishimiz kerak. Nodavlat-notijorat tashkilotlarga ham ko‘proq huquq va erkinlik bersak, shu yo‘nalishdagi ishlarimiz olg‘a siljigan bo‘lardi.

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili Rasul Kusherbayev:

– Birinchidan, Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura doimiy ravishda parlament oldida hisob beradigan bosqichga chiqish kerak. Shuningdek, boshqa ijtimoiy soha vazirliklari ham.

Ikkinchidan, odamlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qilayotgan qonunosti hujjatlarining hukumat tomonidan qabul qilinishiga chek qo‘yish kerak va bular faqat parlament tomonidan qonun darajasida qabul qilinishiga erishish kerak. Bu – ta'lim, kommunal soha, narx-navoning o‘sishi bilan bog‘liq sohalar.

Keyingi masalaga kelsak, men mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakolatini oshirish bo‘yicha «Adolat» partiyasining fikriga qo‘shilmayman. Bu samara bermaydi. Uning o‘rniga yaxshisi tumanlarda mahalliy deputatlarga tumanning rahbari bo‘lgan hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi e'lon qilish va uni hokimlikdan bo‘shatish bo‘yicha qonunda huquq berishimiz kerak.

Xalq demokratik partiyasi vakili Zuhra Shodiyeva:

– Fikrimcha, qonunlarning amalda ishlashini ta'minlashimiz kerak. Buni ta'minlamay turib, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. 

Albatta, hukumat bo‘g‘inlari o‘rtasida ham bog‘liqlik bo‘lishi kerak. Bu markaziy boshqaruv organlari bo‘ladimi yoki joylardagi mahalliy organlar – ularning barchasi qonunlar ijrosi uchun birdek javobgar bo‘lishi kerak. Menimcha, bu eng asosiysi.

Partiyamiz dasturidan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarur deb o‘ylayman, chunki qonunlarning amalda ishlashi kam ta'minlangan oilalar, pensionerlar, turli darajada nogironligi bor shaxslar uchun ayniqsa muhim ahamiyatga ega.

Ekologik partiya vakili Firuza G‘aniyeva:

– Eng asosiy vazifa – qonunlarni takomillashtirish. Ikkinchidan, qonunlarni joylarda ishlashini nazorat qilish. Bizning maqsadimiz – so‘z birligi bilan ish birligini ta'minlash.

Mavzuga oid