O‘zbekiston | 20:09 / 18.12.2019
5853
6 daqiqa o‘qiladi

«Adolat» SDP: «Turkman qardoshlarimiz ham saylovlarda faol ishtirok etmoqda»

Ma'lumki, o‘zbek va turkman xalqlarining qardoshlik, birodarlik hamda do‘stona munosabatlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yaqin qo‘shnichilik va hamjihatlik, bir-birini anglash hamda o‘zaro ishonch ruhida rivoj topib kelmoqda. Tariximiz, dinimiz, tilimiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va an'analarimizning mushtarakligi madaniy-ma'rifiy munosabatlar rivojida katta o‘rin tutmoqda. Bunda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro munosabatlaridagi qat'iy ishonch, ochiqlik, samimiyat, eng muhimi, barcha kelishuvni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi ularning qat'iy siyosiy xohish-irodasi strategik hamkorlikning mustahkam poydevori bo‘lmoqda.

Ma'lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda O‘zbekistonda turkman millatiga mansub 200 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga ega.

Mamlakatimizda birdam va bahamjihatlikda tinch-totuv yashab kelayotgan barcha 130 dan ziyod  millat va elatlar qatori, turkmanlar  ham ayni kunlarda  qizg‘in davom etayotgan saylov kampaniyasi va saylovoldi targ‘ibot-tashviqoti doirasidagi tadbirlarni katta qiziqish bilan kuzatib, faol mustahkam fuqarolik pozitsiyalarini bildirib kelmoqdalar. Bunga misol tarzida kuni kecha viloyat Turkman milliy madaniy markazi tashabbusi bilan Oqqo‘rg‘on tumani «Laylo» to‘yxonasida  tashkil etilgan tadbirni olishimiz mumkin. Mazkur madaniy-ma'rifiy tadbir O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi partiya faollari, deputatlar, deputatlikka  nomzodlar, partiya xayrixohlari  shuningdek,  madaniy markaz vakillari, ijodkorlari, tumanda istiqomat qiluvchi turkman millatiga mansub aholi va keng jamoatchilik hamda  OAV ishtirokida o‘tdi.

«Adolat har bir inson uchun!» shiori ostida tashkil etilgan bugungi uchrashuvda barcha yig‘ilganlar «Adolat» SDP shiorlari va saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, bo‘lajak saylovlarda partiyamizga muvaffaqiyat tilab,  bizning nomzodlarga ovoz berishlarini ta'kidlab o‘tdilar.  

Nuriya Aydiyeva Turkman madaniy markazi rahbari:

-O‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimizni yagona tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar birlashtirib turadi. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka asos bo‘lmoqda. Bugungi kunda tumanimizda ikki mingga yaqin turkmanlar istiqomat qiladi.

Biz o‘zimizning madaniyatimiz, qadimiy urf-odatlarimiz va an'analarimizni saqlagan holda shu mamlakatning teng huquqli fuqarolari ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘zbekistonda yashovchi 130 yaqin millat va elat vakillari bari ana shunday teng sharoit va haq-huquqlarga egadir. Bir necha kundan keyin bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ham o‘z huquqlarimizdan foydalangan holda saylovlarda faol ishtirok etamiz va  o‘z ovozimizni «Adolat» SDP ning nomzodlariga beramiz.

Tadbirda «Adolat» SDP Toshkent viloyat Kengashi raisi Umid Shoumarov so‘zga chiqib,  viloyatda istiqomat qiluvchi turkman  millatiga mansub saylov yoshidagi barcha aholini saylovlarda faol ishtirok etishlari va o‘zlari ma'qul ko‘rgan partiya nomzodlariga ovoz berishlariga chaqirdi. Shuningdek, partiya saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan asosiy g‘oya va maqsadlar, muhim yo‘nalishlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.

Qayd etilganidek, partiyaning yangi saylovoldi dasturida ilgari surilgan sog‘liqni saqlash tizimiga aqlli tibbiyot mexanizmini joriy etish, sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori-darmon vositalarining oldini olish, shuningdek, oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini bekor qilish, shartnoma bo‘yicha o‘qish imkoniga ega bo‘lgan yoshlarni oliy o‘quv muassasalariga kirish imtihonlarisiz qabul qilish hamda sud tizimini yanada takomillashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash,  aholining iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, mehnat va bandlik, daromadlarning adolatli taqsimlanishi, ijtimoiy xavfsizlik va mehnat muhofazasi kabi yo‘nalishlar kelgusi besh yillik uchun belgilangan ustuvor vazifalari  hisoblanadi.

O‘zbek va turkman xalqlarini bir dasturxon atrofiga jamlagan bugungi uchrashuvning madaniy-ko‘ngilochar qismida turkman milliy madaniy markazi ijodkorlari tomonidan taqdim etilgan sho‘x-shodon kuy va qo‘shiqlari, jozibador raqslar barchaga birdek ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.  

Bayram tadbiri so‘ngida yig‘ilganlarga partiyaning estalik sovg‘alari taqdim etildi.

O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent viloyat Kengashi
Matbuot xizmat

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid