O‘zbekiston | 13:25 / 18.12.2019
78192
2 daqiqa o‘qiladi

FVV va SSV Yunusoboddagi yer o‘pirilishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi vaqtida ro‘y bergan yer o‘pirilishi hodisasi yuzasidan ma'lumot berdi.

«Bugun, 18 dekabr soat 10.00 atrofida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining yangi qurilayotgan qismida yomg‘irning surunkali yog‘ishi oqibatida taxminan 250 m3 tuproq o‘pirilib tushdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, pudratchi qurilish tashkilotlarining kuch va vositalari yordamida yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda.

Talafot va jabrlanganlar yuzasidan aniqlik kiritilmoqda hamda sodir bo‘lgan holatning sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi FVV xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozircha hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

«Xabar qilinganidek, Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida yer o‘pirilishi oqibatida avariya sodir bo‘ldi.

Voqea joyiga zudlik bilan tibbiyot xodimlaridan iborat tezkor brigadalar jalb qilingan. Hozircha hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘q. Voqea guvohi bo‘lgan 1975 yil tug‘ilgan qashqadaryolik B.M. ushbu holatdan qattiq stressga tushgan. Ayni paytda unga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ayni vaqtda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bergan xabarda.

Bundan avvalroq Yunusobod tumanida, «Megaplanet» yaqinida yer bo‘shab tunnelni bosib qolishi oqibatida bir necha kishi tuproq ostida qolib ketgani taxmin qilinayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid