O‘zbekiston | 12:39 / 18.12.2019
87424
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishida avariya sodir bo‘ldi. Tuproq ostida bir necha kishi qolib ketgan bo‘lishi mumkin

Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida avariya sodir bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, yer o‘pirilishi oqibatida bir necha kishi tuproq ostida qolib ketgan.

Kun.uz muxbiri Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Tergov departamenti boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevdan hodisa yuzasidan izoh oldi.

«Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumanida, «Megaplanet» oldida tunnel qazilayotgan bo‘lgan. Suv tunnelga tushmasligi uchun beton lotok qilingan. Ana shu lotokning qaysidir qismidan suv ketgan va suv to‘plangan. Yog‘ingarchilik kuchaygan vaqtda yer bo‘shab tunnelni bosib qolgan.

Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar borligi haqida aniq ma'lumot yo‘q. Bu hududda olib boriladigan ishlar natijasida aniqlanadi», deydi vazir o‘rinbosari.

Ayni vaqtda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Hozircha Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada rasmiy ma'lumot bermadi.

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov voqea joyiga borishi kutilmoqda.

UPD: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasida qurilish ishlari olib borilayotgan ochiq uchastkada avariya holati yuz berganini tasdiqladi. Hozirda Bosh vazir birinchi o‘rinbosari O. Ramatov shaxsiy nazorati ostida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Xizmat tekshiruvi natijalari haqida jamoatchilikka axborot beriladi.

Mavzuga oid