Jahon | 18:00 / 20.12.2019
70490
9 daqiqa o‘qiladi

Demokratlar impichment ishini Senatga yuborishdan bosh tortishdi. AQShda nimalar bo‘lmoqda?

Prezident Tramp impichmenti jarayoni boshlanishga ulgurmasdan to‘xtatildi. Demokratlar Oq uy rahbariga qarshi ayblovni Senatga yuborishga shoshilmayapti, busiz senatorlar AQSh prezidentini hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha eshituvni boshlay olishmaydi.

Donald Trampning o‘zi esa tvitterida tezroq sud o‘tkazishga undamoqda. «Men jarayon zudlik bilan boshlanishini istayman», degan u.

Trampga qarshi ikkita ayblov tasdiqlangan kongressdagi ovoz berishning keyingi kuniyoq Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yana bir marta senatorlar sud jarayoni tartibini tasdiqlashmaguncha ishni Senatga yubormasligini ma'lum qildi.

Kongressdagi demokratlar yetakchilari tomonidan qabul qilingan bu qaror Vashingtonda  shov-shuvli vaziyat yuzaga keltirdi.

Prezident Tramp va uning Kapitoliy tepaligidagi tarafdorlari jarayon zudlik bilan boshlanishini talab qilishmoqda, bu sudda Oq uy rahbari oqlanishi, unga qarshi barcha ayblovlar asossiz deb topilishiga ularning ishonchi komil.

Ammo buning uchun avval demokratlar Senatga  Vakillar palatasida tasdiqlangan ayblovlarni yuborishlari kerak. Trampning muxoliflari esa yaqin orada bunday qilmoqchi emas.

Tramp va uning tarafdorlari jarayonni zudlik bilan boshlashga chaqirmoqda

Payshanba kuni CNN telekompaniyasi efirida chiqish qilgan kongressmen Jyeyms Klaybern (u kongressdagi demokratlarning asosiy yetakchilaridan biri) o‘z partiyadoshlari mazkur hujjatlarni qancha kerak bo‘lsa shuncha vaqt o‘z qo‘lida tutib turishini ma'lum qildi.

«Ular sud o‘rniga haqiqiy tomosha uyushtirishlarini bila turib ishni ularga o‘tkazish mutlaqo tentaklik bo‘ladi», dedi u.

Demokratlar nima uchun ayblovni Cenatga yubormaydi?

Nensi Pelosi prezidentga qarshi ayblovni Senatga tezda yuborishga asos ko‘rmayapti

AQSh konstitutsiyasi kongressga prezidentni «mutlaqo jiddiy jinoyatlar va huquqbuzarliklar sodir etish»da ayblab, unga impichment e'lon qilish huquqini taqdim etgan.

Shu bilan birgalikda, prezidentni hokimiyatdan chetlatish huquqi Senatga berilgan, senatorlar AQSh Oliy sudi raisi (Jon Robers) boshqaruvida sud muhokamasi o‘tkazishadi.

O‘tgan hafta oxirida Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell «betaraf sudya» bo‘lmoqchi emasligi, sudlov vaqtida o‘z harakatlarini Oq uy huquqshunoslari bilan muvofiqlashtirishini ma'lum qildi.

Payshanba kungi chiqishida u prezident impichmenti haqidagi qarorni nohaq qaror deb atadi va demokratlar tomonidan Donald Trampga nisbatan o‘tkazilgan tekshiruvni zamonaviy tarixdagi eng adolatsiz va shoshilinch tekshiruv deb atadi.

Bunga javoban kongress spikeri Nensi Pelosi hakamlar ayblanuvchining advokatlari bilan kelishilgan holda harakatlanadigan vaziyatni adolatli deb hisoblamasligini ma'lum qildi.

Shuning uchun u prezidentga qarshi ayblovni Senatga yuborishga shoshilmayapti.

Ayblovni berish jarayoni nima uchun kerak?

Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat sud muhokamasini faqatgina kongressda tasdiqlangan ayblov moddalari Vakillar palatasi tanlagan maxsus vakillar - impichment menejyerlari tomonidan yetkazib kelinganidan so‘nggina boshlashi mumkin.

Ular shuningdek, sud eshituvida ayblov vakillari rolini bajarishadi.

Kongressning tadqiqot xizmati tomonidan tayyorlangan maxsus izohga ko‘ra, impichment menejyerlari Senatdagi sud zalida o‘zlarining shu vazifaga tayinlangani haqidagi rezolyutsiyani hamda ayblov moddalarini tasdiqlovchi rezolyutsiyani o‘qib berishlari kerak.

Bu marosim sud muhokamasining rasmiy boshlanishi bo‘lib xizmat qiladi.

Impichment menejyerlaridan boshqa hech kim Senatga ayblov moddalarini yetkazish huquqiga ega bo‘lmaydi. Demokratlar hali o‘z vakillarini tayinlashgani yo‘q, shu hafta oxirida Kongress Rojdestvo ta'tiliga chiqib ketadi.

Bu shuni anglatadiki, Donald Tramp impichmenti bo‘yicha muhokama kamida keyingi yilning yanvar oyiga qoldiriladi.

Demokratlar nimaga erishmoqchi?

Prezident Tramp tvitterida doimiy ravishda o‘ziga qarshi ish Senatda tezroq ko‘rib chiqilishi kerakligi haqida yozib kelmoqda.

«Demokratlar ayblov moddalarini Senatga yuborishni istashmayotgani sababi, korrupsioner siyosatchi Adam «Qiyshang‘i» Shiff (kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari - Bi-bi-si), shuningdek, informator, g‘oyib bo‘lib qolgan ikkinchi informator hamda Baydenlar oilasi qasamyod qilishga keltirilishini istashmayapti!», deya yozdi Oq uy rahbari payshanba oqshomida.

Senatdagi respublikachilar yetakchisi esa sud muhokamasi vaqtida Donald Tramp oqlanishi uchun bor kuchini sarflashini yashirib o‘tirmayapti

Konstitutsiyaga ko‘ra, sud muhokamasi tartibi senatorlar tomonidan belgilanadi. Hafta boshida respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell sudlovni tezroq o‘tkazish zarurati tufayli qo‘shimcha guvohlarni chaqirishga zarurat yo‘qligini aytib o‘tgandi. Demokratlar esa Oq uy ma'muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mik Malveyni, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton, budjet va boshqaruv ofisi xodimi Maykl Daffi hamda prezident ma'muriyati rahbari maslahatchisi Robert Bleyr ham sud muhokamasida ko‘rsatma berishini talab qilishmoqda (ularning ko‘rsatmalari vaziyatni o‘zgartirishi mumkin).

Mitch Makkonnell sud muhokamasini maksimal darajada o‘tkazish kerak degan fikrda

AQSh prezidenti hokimiyatdan chetlatilishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi impichment uchun ovoz berishi talab etiladi.

Ammo hozircha Senatda demokratlar soni kamroq - 100 o‘rindan 47tasi ularga tegishli, ayni vaqtda impichmentning eng faol tarafdorlari ham g‘alabaga umid qilmayapti, chunki buning uchun ularga 20 nafar respublikachi senator qo‘shilishi kerak bo‘ladi.

Shunga qaramay, demokratlar barcha guvohlar chaqirilib, federal agentliklardan hujjatlar olinib, ochiq eshituvlar orqali sud jarayoni to‘kis o‘tkazilishiga erishishmoqchi.

Kongress spikeri Nensi Pelosining so‘zlariga ko‘ra, faqat shunday jarayon amerikalik saylovchilarga «AQSh prezidenti tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida barcha zarur ma'lumotlarni olish» imkoniyatini yaratadi.

Demokratlar nega bunday taktika tanlashgan?

Demokratlar tomonidan tanlangan taktika mualliflaridan biri Harvard universiteti professori Lorens Trayb hisoblanadi.

U Washington Post nashrida chop qilingan «Mitch Makkonelliga impichment bo‘yicha potemkincha sud o‘tkazishga imkon bermang» sarlavhali maqolasida AQShdagi mavjud qonunlarning hech biri ayblovni Senatga darhol yetkazish majburiyatini qo‘ya olmasligini bildirgan.

Bundan tashqari, huquqshunosning fikricha, respublikachilar prezident va uning advokatlari ixtiyori bo‘yicha sud o‘tkaza olmasligini ta'minlash uchun ham ayblovni Senatga yubormaslik kerak.

Harvardlik professorning pozitsiyasi kongress spikeri tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Nensi Pelosining so‘zlariga ko‘ra, u Senat sud muhokamasini to‘la-to‘kis o‘tkazishiga amin bo‘lganidan keyingina zarur hujjatlarni senatorlarga taqdim etishga rozi bo‘ladi.

Demokratlarning harakati qanchalik qonuniy?

AQShdagi huquqshunoslar hozircha demokratlarning taktikasi muhokamasida yakdil fikrga kela olishmadi.

«Konstitutsiyada kongress Senatga ayblov moddalarini topshirishdan bosh tortishi mumkinmi, degan savolga aniq javob yo‘q», deydi Jorjtaun universiteti yuridik maktabi professori Joshua Geltzer.

U Vakillar palatasi prezident impichmenti e'lon qilish huquqiga egaligi, lekin keyingi qadamlarni ular qo‘ya olmasligini ta'kidlab o‘tgan.

O‘z navbatida, Kolumbiya universiteti huquq maktabi o‘qituvchisi Richard Frolik demokratlar impichment ko‘rib chiqilishini Senatga o‘tkazmayotgani AQSh prezidenti g‘alabasini anglatishini aytib o‘tgan.

«Bunday holatda jarayon yakunlanmaydi, bu esa Oq uy rahbariga uning muxoliflari o‘zini hokimiyatdan chetlatish uchun yetarli dalillar topa olmaganini baralla aytishga imkon beradi», deb hisoblaydi u.

Donald Tramp ham shunga o‘xshash fikrda.

«Senat sud muhokamasi vaqti va joyini belgilashi kerak. Agar bekorchi demokratlar unda qatnashmaslik qaroriga kelsa, ular aniq yutqazishadi!», deb yozgan u.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid