O‘zbekiston | 12:29 / 24.12.2019
7091
2 daqiqa o‘qiladi

Ittihad O‘zbekistonda ish boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Birlashgan Arab Amirliklarining Ittihad International Investment LLC investitsion kompaniyasi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Delegatsiya a'zolari O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligi va Ittihad International Investment LLC kompaniyasi ham bu jarayonlarda faol ishtirok etish, bir qator sohalarga investitsiya kiritish niyatida ekanini bildirdi.

Butun dunyoda katta e'tibor qaratilayotgan chiqindilarni qayta ishlash sanoati O‘zbekistonda ham rivojlantirilishi lozim bo‘lgan tarmoqlardan biri ekani ta'kidlandi. Kompaniya davlat xususiy sherikchilik asosida chiqindilarni qayta ishlash sohasida katta tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekistonda ham bu borada ish boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qildi.

Shuningdek, kompaniya tomonidan mehmonxonalar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va shifoxonalarga ham alohida e'tibor qaratilayotgani ma'lum qilindi. Davlatga qarashli iqtisodiy nochor shifoxonalarni davlat xususiy sherikchilik asosida zamonaviy, jahon talablariga mos keladigan muassasalarga aylantirish masalasi ham kun tartibida ekani qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid