O‘zbekiston | 15:30 / 24.12.2019
11332
7 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud Plenumining majlisida qator qarorlar loyihalari muhokama qilindi

Foto: Oliy sud

Bugun, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Oliy sud Plenumining “Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”, “Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida” va “Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

Plenum majlisida muhokama etilgan “Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qaror loyihasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining qabul qilinishi, shuningdek, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llanishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi. 

Shuningdek, Plenum majlisida muhokama etilgan “Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlarga qonuniy kuchga kirgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari, apellyatsiya va kassatsiya instansiya sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ushbu sud qarorini qabul qilgan sud tomonidan qayta ko‘rish mumkinligi tushuntirilmoqda. Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli moddasi mazmuniga ko‘ra, ish mazmunan hal etilmaydigan birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari, faqatgina ular ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan hollarda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudlari o‘zlari tomonidan chiqarilgan sud hujjatlarini ular tomonidan quyi instansiya sudining hujjati o‘zgartirilgan yoxud yangi hal qiluv qarori qabul qilingan bo‘lsa, qayta ko‘rishga haqli. Ishda ishtirok etgan shaxslar, shuningdek, boshqa shaxslar, agar sud hujjatlari bilan ularning huquq va majburiyatlari haqidagi masala hal qilingan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. 

Plenum yig‘ilishi ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi amalga kiritilganligi, shuningdek, iqtisodiy sudlar tomonidan ishlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda ushbu Kodeks normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ham muhokama qildilar.

Aytish kerakki, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari hamda ajrimlarini apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida qayta ko‘rish ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lib, birinchi instansiya sudining xatolarini bartaraf etishga imkon beradi. Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati, prokuror esa apellyatsiya protesti berishga haqlidir. Aynan shu shaxslar qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa kassatsiya protesti berishga haqlidir. Shuni inobatga olish lozimki, apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin emas. Plenum qarori bilan iqtisodiy sudlarga ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar (shu jumladan, jismoniy shaxslar), ishda ishtirok etuvchi shaxslarning Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan huquqlaridan foydalanilishi tushuntirilmoqda. 

Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori N. Yo‘ldoshev ishtirok etdi. 

Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi

Mavzuga oid