O‘zbekiston | 16:07 / 25.12.2019
16640
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri: «Tizimimizda korrupsiyaga oid juda ko‘p muammolarimiz bor»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasida sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda bosh prokuror tomonidan sohaga oid ko‘plab kamchiliklar, aniq faktlar keltirib o‘tildi.

Tadbir yakunida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘z xulosalarini OAV vakillari bilan o‘rtoqlashdi.

«Bugungi tadbir ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yganimizni ko‘rsatdi. Olib borayotgan ishlarimizda birinchi o‘ringa korrupsiyaga qarshi kurashni qo‘yishimiz zarur bo‘ladi. Yana bir narsani aniq aytishimiz kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashda bizning asoslarimiz to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha normativ-huquqiy hujjatlarimizni qayta ko‘rib chiqib, inventarizatsiyadan o‘tkazishimiz, takomillashtirishimiz kerak. Tizim strukturasini qayta ko‘rib chiqish va ichki tozalov, audit, nazoratni yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Yana bir muhim masala – korrupsiyaga sharoit yaratib beradigan omillardan biri bu moddiy texnik bazamiz. Agar bizning ish joyimiz ta'mirlanmagan bo‘lsa, ta'mirlash, jihozlash uchun pul to‘plash holatlari ham kuzatilgan. Yaxshi binoda ishlasak, yetarli sharoit, dori-darmon, reaktivlar ta'minlansa korrupsiyaga qarshi kurashish uchun imkon bo‘lardi», dedi A.Shodmonov.

Mavzuga oid