O‘zbekiston | 20:42 / 27.12.2019
8367
3 daqiqa o‘qiladi

Yerga oid qonunbuzilish holatlarining uchta sababi ma'lum qilindi

Foto: Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev yerga oid qonun buzilish holatlariga olib kelgan omillarni sanab o‘tdi.

«Birinchisi – bu sobiq ittifoq parchalanishi. Sobiq ittifoq parchalanganidan keyin yer tuzuvchi mutaxassislarning yo‘q bo‘lib ketganligi. Shtatlari qisqartirib tashlangan. Ilgari, sobiq ittifoq paytida kolxoz, sovxoz degani bo‘lardi, bitta kolxozda kamida bittadan yer tuzuvchisi bo‘lgan. Bitta tumanni oladigan bo‘lsak, nechta kolxoz, sovxozi bo‘lsa, shuncha yer tuzuvchilari bo‘lgan. Lekin nima bo‘ldi? Bitta tumanda bitta [yer tuzuvchi]ga tushib qoldi. U ham hammasida emas.

Ikkinchisi – yerlarni tarqatish, yer ajratish jarayonlarining shaffof emasligi. Yer tender asosida berilardi. Tenderlar qanday tashkil etilardi? Uni ham juda yaxshi bilasizlar. Ochiqligi ta'minlanmagan. Yer olmoqchi bo‘lgan odam keladi, arizasini beradi, oylab kutadi. Palon vaqtda keling, piston vaqtda keling, hammasi yig‘ilmadi, keyingi oyga qoldirildi... Shunday qilib, olti oy, yetti oy, bir yilgacha cho‘zilardi. Eng yomoni – bir yilgacha cho‘zilib, keyin oxirida salbiy javob olardi.

Uchinchi sababga kelsak, prezidentimizning juda ko‘p takrorlaydigan iboralari bor: qonun ustuvor, jazo muqarrar. Qonunchilikda belgilangan normalarimiz bor. Lekin o‘shani buzganlikka jazo muqarrarligini his etmaslik bu ham yerga oid qonun buzilishlariga olib keldi», – dedi Abdushukur Abdullayev.

Qo‘mita raisi mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha so‘nggi 2-3 yilda qilingan ishlarga to‘xtaldi. Dastlab sohadagi kadrlar masalasi hal etilgani va respublikada 1034ta yer tuzuvchi shtatlari kiritilgani, avvalgi ko‘rsatkich deyarli 6 barobarga ko‘paytirilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, yerlarni auksion orqali berish yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlandi.

«Yuqorida aytilgan noshaffof bo‘lgan jarayonlar endi ochildi. Shu oy yana bir qaror chiqdi. Auksionni o‘tkazish yana takomillashtirildi», – dedi Abdullayev 27 dekabr kuni matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, o‘tkazilgan monitoring natijasida joriy yilning 25 dekabr holatiga respublika bo‘yicha 4596ta holatda jami 1941 gektar yer maydoni yerdan foydalanuvchilar va fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, shundan 337 gektariga (17 foiz) uy-joy va boshqa qurilishlar qurib olinganligi va yerlardan samarasiz foydalanib kelayotganligi aniqlanib, bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli choralar belgilangan.

Mavzuga oid