Jamiyat | 16:52 / 28.12.2019
26451
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘ta xavfli retsidivist yana bir bor jinoyat sodir etdi

Foto: Tergov departamenti

2019 yil 24 dekabr kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida yashovchi 50 yoshli Sh.O‘. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u o‘zining o‘g‘li, voyaga yetmagan, 2002 yilda tug‘ilgan R.N. Do‘stlik ko‘chasidagi uylarning oldida ketayotganida noma'lum shaxs uni ushlab olib, qo‘rqitib, urib tan jarohati yetkazib, bir dona bahosi 900.000 so‘mlik “Samsung” rusumli uyali telefon apparatini tortib olib, ochiqdan ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanligini, ushbu shaxsni aniqlab unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan 41 yoshli S.B. sodir etganligi aniqlanib, undan “Samsung” rusumli telefon apparati tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan S.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi “b” bandi (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi voyaga yetmagan R.N. 3 nafar shaxs orasidan aynan S.B.ni tanib olgan va S.B.ga nisbatan ushbu modda bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. 

Mavzuga oid