Jamiyat | 19:46 / 30.12.2019
29430
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chaqaloqlar savdosiga olib kelayotgan asosiy omil ma'lum qilindi

O‘zbekistonda farzand asrab olishning qiyinligi va bu jarayondagi qog‘ozbozliklar chaqaloq savdosi jinoyatlari sonining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu haqda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bunga, asosan, farzand ko‘rmayotgan oilalarning mehribonlik uylaridan farzand asrab olishi juda qiyinligi, vasiylik va homiylik organlari tomonidan berish tartibi murakkabligi, ko‘p hujjatlar talab qilinayotgani va talab qilingan hujjatlar mavjud bo‘lmaganda oilalar farzand sotib olishga majbur bo‘layotganligi aniqlangan», – dedi Toshpo‘latov 30 dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi majlisida.

IIV o‘rinbosari shu boisdan farzand asrab olish tartibini qayta ko‘rib chiqib, soddalashtirish taklifini kiritdi.

Senat raisi, komissiya rahbari Tanzila Norboyeva bildirilgan taklif o‘rinli bo‘lganini ta'kidladi.

«Gapingizga qo‘shilaman. Farzandsiz oilalarning hujjatlarini rasmiylashtirilishini yengillashtirish masalasi. Juda ko‘p odam ro‘yxatda turibdi bola olaman deb. Lekin nima sababdan bola ololmaydi, nima sababdan orqavarotdan bola olishga, sotib olishga harakat qilyapti, nimaga? Ichiga kirib o‘rganadigan tashkilot bormi-yo‘qmi?

To‘g‘ri aytyapsiz, hujjatlarni yengillashtirish kerak bo‘ladi. Odamlar bola kerak bo‘ldimi, bolani bemalol olishi [kerak]. [Bola asrab olish sir tutiladi, lekin] hujjatlarni rasmiylashtirish, yo‘l-yo‘rig‘ini shaffof qilish kerak. Mana shu masalani o‘rganib chiqish kerak», – dedi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid