Jahon | 15:20 / 03.01.2020
20942
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh o‘z fuqarolarini Iroqni zudlik bilan tark etishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti Iroq hududidagi amerikaliklarga «mintaqadagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan» ushbu mamlakatni tark etishni tavsiya qildi.

Amerikaliklardan Iroqni «agar iloji bo‘lsa samolyotda» yoki «quruqlik orqali» tark etish so‘ralgan.

Davlat departamentining tvitterdagi sahifasida e'lon qilingan bayonotda 31 dekabr kuni Bag‘doddagi elchixona «Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi qurolli guruh» hujumiga uchragani eslatib o‘tilgan.

Davlat departamentining amerikaliklarni Iroqni tark etishga chorlovi Bag‘dodda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi bo‘lmish «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishidan bir necha soat o‘tib e'lon qilinmoqda. «Al-Quds» Eronning Yaqin Sharqdagi kampaniyasiga boshchilik qiladi va xorijda maxsus amaliyotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. 

Pentagon Sulaymoniy AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishi bilan o‘ldirilganini ma'lum qilgan. Eron hukumati generalning o‘ldirilishini terrorizm akti deb atagan va buning uchun «qo‘rqinchli qasos» olinishini bildirgan.

Mavzuga oid