O‘zbekiston | 11:18 / 04.01.2020
29536
8 daqiqa o‘qiladi

Soliq tekshiruvlari qachondan boshlab videotasvirga olinishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Norma.uz

Davlat soliq qo‘mitasining “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat 2020 yil 31 mart kunidan amal qila boshlaydi.

Nizomga ko‘ra:

soliq nazorati tadbiri - Soliq kodeksiga muvofiq soliq to‘lovchilarda soliq nazoratining ayrim shakllarida amalga oshiriladigan tadbirlar (nazorat tadbiri);

videotasvirga olish moslamalari - videotasvirga olish qurilmalari, jumladan videokameralar va videotasvirga olish imkonini beruvchi boshqa qurilmalar;

videotasvirga olish jarayonining ishtirokchilari - soliq organining xodimlari, soliq to‘lovchilar hamda ularning vakillari va boshqa shaxslar (nazorat tadbiriga jalb qilingan mutaxassislar, ekspertlar, tarjimonlar, zarur hollarda xolis va xaridorlar);

videotasvirga olish - soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining buyrug‘iga asosan ishtirokchilar tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan nazorat tadbiri jarayonini videotasvirga olish moslamalaridan foydalangan holda kuzatish va qayd etish (tasvirga olish).

Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati jarayonini, dalillarni qayd etish uchun nazorat tadbirlari jarayoni videotasvirga olinadi, bundan normativ-huquqiy hujjatlarda videotasvirga olish taqiqlangan muayyan tartibga bo‘ysunuvchi obektlar mustasno.

Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchi to‘g‘risida olingan xar qanday ma'lumot soliq sirini tashkil etadi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno. Soliq organiga kelib tushgan, soliq sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar saqlash va foydalanishning maxsus rejimiga ega bo‘ladi.

Nazorat tadbirini videotasvirga olish jarayonida soliq to‘lovchilar va ularning vakillari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) soliq to‘lovchilar va ularning vakillari huquqlari:

soliq organining nazorat tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishish;

nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa olish;

soliq organlari mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

soliq organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish;

soliq organi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbiri jarayonini videotasvirga olish;

b) soliq to‘lovchilar va ularning vakillari majburiyatlari:

nazorat tadbirini soliq organi tomonidan videotasvirga olish uchun sharoit yaratish;

soliq organi mansabdor shaxslarining nazorat tadbirini videotasvirga olishiga to‘sqinlik qilmaslik;

soliq organi xodimlarining talabiga ko‘ra nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa berish.

Videotasvirga olish jarayonida soliq organining mansabdor shaxslari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) soliq organi mansabdor shaxslarining huquqlari:

soliq organi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbiri jarayonini soliq to‘lovchi yoki uning vakillari va boshqa shaxslar ishtirokida videotasvirga olish;

soliq to‘lovchidan videotasvirga olish jarayonining to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlarni bartaraf etishni talab qilish;

nazorat tadbiri yakuni bo‘yicha soliq to‘lovchi va uning vakillari tomonidan olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa olish;

b) soliq organi mansabdor shaxslarining majburiyatlari:

ishtirokchilarni nazorat tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish;

nazorat tadbiri jarayonida soliq to‘lovchi hamda uning vakillari va boshqa shaxslarga videotasvirga olish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlarini tushuntirish;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari talabiga ko‘ra soliq nazorati tadbiri yakuni bo‘yicha olingan videotasvir ma'lumotlaridan nusxa berish;

soliq to‘lovchi va uning vakillari faoliyatiga aloqador axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;

soliq to‘lovchi va uning vakillarining nazorat tadbirini videotasvirga olishiga to‘sqinlik qilmaslik.

Videotasvirga olish jarayonining ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslar quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:

a) videotasvirga olish jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarning huquqlari:

videotasvirga olish jarayonining sabablari bilan tanishish;

videotasvirga olinishi yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirish;

b) videotasvirga olish jarayonining ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarning majburiyatlari:

soliq organi mansabdor shaxslarining nazorat tadbirini videotasvirga olish jarayoniga to‘sqinlik qilmaslik;

nazorat tadbiri jarayonida o‘ziga ma'lum bo‘lgan soliq to‘lovchi va uning vakillari faoliyatiga aloqador axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.

Nazorat tadbirlari jarayonini videotasvirga olish soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining nazorat tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Soliq organi tomonidan quyidagi nazorat tadbirlarining videotasvirga olinishiga yo‘l qo‘yiladi:

soliq solish obektlarini va soliq solish bilan bog‘liq obektlarni hisobga olishda;

xronometraj ko‘zdan kechirishda;

xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar xodimlarining hisobotdagi sonining va haqiqiy sonining muvofiqligi yuzasidan monitoringda;

soliq tekshiruvlarida;

mavzuli ekspress-o‘rganishda;

fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llashda;

aksiz to‘lanadigan ayrim turdagi tovarlarni markalashda;

soliq monitoringida.

Amalga oshiriladigan nazorat tadbirida quyidagi jarayonlar videotasvirga olinadi:

soliq to‘lovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoki soliq solish obektlari bilan bog‘liq hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo hamda boshqa binolarini, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish, shuningdek soliq to‘lovchining mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazishda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik faktini qayd etishda;

nazorat xaridi bilan boshlanadigan tekshirishlarda xarid kuzatuvini amalga oshirilishi, nazorat kassa mashinasi (virtual kassa) hamda to‘lov terminallari ko‘rsatkichi bo‘yicha hisobotlarni olinishi hamda kassadagi pul mablag‘larini sanoqdan o‘tkazilishi jarayonini kuzatishda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaganda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillari tomonidan tekshirish hujjatlariga imzo qo‘yishdan bosh tortilganda;

soliq to‘lovchi hamda uning vakillari va boshqa shaxslar tomonidan soliq nazoratining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilinganda;

soliqqa oid huquqbuzarlik predmetlari (buyum va hujjatlar), ish bo‘yicha ashyoviy dalillar olib qo‘yilganda;

soliq to‘lovchi yoki uning vakillarining talablariga ko‘ra;

zarur bo‘lganda hujjatlar nusxalarini tayyorlashda hamda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarda.

Nazorat tadbirini videotasvirga olish soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid