O‘zbekiston | 07:34 / 04.01.2020
70165
6 daqiqa o‘qiladi

Soliq turlari qisqartirildi

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni haqida”gi Qonuni senatorlar tomonidan ma'qullangan edi. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.

Ushbu Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririni qabul qilish nazarda tutilgan.

Senat Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muhammad Jumagaldiyevning yozishicha, yangi tahrirdagi Kodeksda Soliq kodeksining amaldagi tuzilmasi saqlab qolingan holda uni umumiy qismga (soliq ma'muriyatchiligi masalalari) va maxsus qismga (soliqlarni hisoblash va to‘lashning asosiy qoidalari) bo‘linishini nazarda tutadi.

Jumladan, umumiy qismda quyidagilar nazarda tutilgan: soliq solishga oid xalqaro shartnomalarni qo‘llash tartibi iqtisodiyotni faol rivojlantirishning bugungi kungi holati va talablaridan kelib chiqqan holda tubdan takomillashtirilgan.

Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplari qayd etilgani holda, qonun hujjatlarida bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshilik va noaniqliklarning soliq to‘lovchi foydasiga hal etilishi ham belgilangan.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilgan.

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ya'ni xo‘jalik faoliyati bo‘yicha foyda solig‘ini hisoblash va to‘lash maqsadida shartnoma asosida ixtiyoriy birlashgan guruh tashkil etish va uni tugatish shartlari kabi bugun biznes yuritishda xalqaro tajribada keng qo‘llanib kelinayotgan talablar ham kodeksda o‘z aksini topgan.

Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarni 42 ta mezon asosida 3 segmentga, ya'ni, “vijdonli”, “shubhali” va “muntazam huquqbuzarlar”ga ajratgan holda ular bilan alohida faoliyat tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.

Vijdonli kategoriyasidagi soliq to‘lovchilar, ularning shu ro‘yxatda bo‘lgan davri davomida xech qanday tekshiruv o‘tkazilmasligi;

shubhali kategoriyasidagi soliq to‘lovchilar kameral nazorat tartibida nazoratga olinib, aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf qilinsa boshqa tekshirish amalga oshirilmasligi;

muntazam huquqbuzarlarni esa audit tekshiruvi orqali joyida tekshirish ko‘zda tutilgan.

Soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish, soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga berilgan.

Shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining qarzi bo‘lmagan hollarda soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki soliq to‘lovchi roziligi bilan kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi mumkinligi ham belgilangan.

Kodeksning yangi tahririda ortiqcha to‘lovini qaytarib berish muddatidan o‘tgan har bir kun uchun soliq xizmati organlarining penya to‘lashi ham ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, soliq to‘lovchilarning, soliq organlarining huquq va majburiyatlari, ularning javobgarligi, nazorat qilish tartib-taomilini soddalashtirish va soliq tekshiruvlari turlarini 13 tadan 3 tagacha kamaytirish, soliq tekshiruvlarini tahlika-tahlil dasturi asosida (inspektor aralashmagan holda) kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan amalga oshirishni yangi tartibi, u yoki bu soliq to‘g‘ri hisoblanganligini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni soliq to‘lovchidan talab qilish, shuningdek kameral tekshiruv o‘tkazish jarayonida soliq to‘lovchi tomonidan avval taqdim etilgan axborotni tasdiqlash uchun sayyor tekshiruvlarni (omborxonani tekshirish, xodimlar xronometraji) taklif qilish huquqini soliq organi mansabdor shaxsiga berish ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, soliq bo‘yicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilgan. Soliq bilan bog‘liq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilangan, soliq organlari javobgarligi kuchaytirilgan.

Maxsus qismdagi kiritilayotgan qo‘shimchalar soliqlarni hisoblash mexanizmlarini va to‘lash tartiblarini takomillashtirishni, shuningdek soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solishni belgilaydi.

Maxsus qismda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa'ridan foydalanishga oid soliqqa oid normalar, shuningdek ularni hisoblash tartibi va ularni to‘lash muddatlari belgilanib, ochib berilgan.

Bildirilishicha, kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchilik normalarini qo‘llashni soddalashtirish, ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etish, vijdonli soliq to‘lovchilar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, soliq nazorati shakllari va mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan soliq solinadigan obektlar va soliq to‘lovchilar to‘liq qamrab olinishini va hisobga olinishini ta'minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfert narx belgilash bilan bog‘liq operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etishga ko‘maklashadi.

Mavzuga oid