Jahon | 12:24 / 08.01.2020
110009
4 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShning yana 100ta obektiga hujum bilan tahdid qildi

Foto: Associated Press

Tehronning ta'kidlashicha, AQShning Iroqdagi bazasiga raketa zarbasi oqibatida kamida 80 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Pentagon zararni baholashda davom etmoqda. AQSh prezidenti Trampning Twitter’da yozishicha, «hammasi joyida».

Eron, 8 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi Iroqdagi Ayn al-Asad Amerika bazasiga raketa hujumi natijasida AQShga katta miqyosda zarar yetkazilganini ma'lum qildi. Eron davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, kamida 80 nafar «amerikalik terrorchi» o‘ldirilgan, bazada bo‘lgan Amerika vertolyotlari va boshqa jihozlari «jiddiy zarar ko‘rgan».

Xabarda qayd etilishicha, Eron Amerika bazasiga 15ta raketa uchirgan, ammo ularning hech biri tutib qolinmagan. Shuningdek, televideniye ham Islom inqilobi soqchilar korpusining yuqori martabali vakili so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Uning ma'lum qilishicha, agar Vashington javob zarbasi berishga ahd qilsa, unda Eron AQShning yana 100ta obektiga hujum qilishga tayyor.

Shu bilan birga, CNN telekompaniyasining AQSh qo‘shinlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Iroqda joylashtirilgan Amerikaning erta ogohlantirish tizimlari tayyorlanayotgan raketa hujumi haqida o‘z vaqtida ogohlantirilgan va harbiylar bunkerlarda yashirinish imkoniga ega bo‘lgan. Pentagonda ma'lum qilishlaricha, Eronning raketa hujumi oqibatida yetkazilgan zarar hozirgi vaqtda baholanmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter’dagi mikroblogida ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqib, «hammasi joyida» deya qo‘shimcha qildi. 

Eslatib o‘tamiz, Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar berdi.

AQSh Mudofaa vazirligi o‘zining ikkita bazasiga hujum qilingani to‘g‘risida xabar berdi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, Erbildagi baza ham raketa zarbasiga uchragan. AQSh harbiylariga ko‘ra, Eron o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi. 

Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi Iroqda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi ortidan ro‘y berdi.

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. 

Mavzuga oid