Jahon | 21:30 / 14.01.2020
8744
3 daqiqa o‘qiladi

Australian Open ishtirokchilari yong‘inlar tutunidan shikoyat qilishmoqda

Avstraliyaning Melburnida o‘tayotgan Australian Open tennis musobaqasi ishtirokchilari mamlakatdagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida kelib chiqqan kuchli tutunlanish sababli sog‘liqlari bilan muammolarga duch kelishdi. Kuchli tutun sababli uchrashuvlar to‘xtatilmoqda, musobaqa tashkilotchilari esa biror qaror qabul qilishda havo holati monitoringi ma'lumotlariga tayanishlaridan ogohlantirishmoqda. Bu haqda VVS telekanali xabar berdi.  

Jumladan, 14 yanvarda sloveniyalik tennischi Dalila Yakupovich shveysariyalik Shtefani Fyogelega qarshi saralash uchrashuvida yo‘taldan nafas ololmay, yiqilib tushgan. U dastlab o‘yinni to‘xtatishga, keyin esa musobaqadan chiqishiga to‘g‘ri kelgan. Bundan avvalroq 14 yanvardagi o‘yinlar boshlanishi tutun sababli bir soatga ushlanib qolgan, biroq oxir natijada tashkilotchilar sportchilarga kortga chiqishga ruxsat berishgan.

Keyinroq Yakupovich jurnalistlarga hushini yo‘qotishi mumkinligidan qo‘rqqanini aytgan. U sportchilarga ularning salomatligi uchun xavfli vaziyatda kortga chiqishga ruxsat bergan tashkilotchilardan norozilik bildirgan va ularning qarorlarini adolatsiz deb aytgan. 

Avstraliyalik Bernard Tomichga esa kortda shifokor yordami talab etilgan, u ingalyator orqali nafas olgan. Tomich oxir-oqibat raqibiga mag‘lub bo‘lib, ATP’dagi reytingini yaxshilash imkonidan mahrum bo‘lgan.

Avstraliyalik tennischi Ejyeni Bushar esa o‘yin vaqtida bo‘g‘ilgani va ko‘ngli aynaganini aytgan. 

Avvalroq esa rossiyalik tennischi Mariya Sharapova germaniyalik Laura Zigemundga qarshi ko‘rgazmali o‘yinini tugata olmagan. Sharapova jurnalistlarga kortda yo‘taldan bo‘g‘ilganini aytgan. U dastlab buni yaqinda o‘tkazgan shamollash asorati deb o‘ylagan, biroq keyin raqibi ham hakamga yo‘taldan shikoyat qilganini eshitgan. Shundan keyin uchrashuvni to‘xtatishga qaror qilingan.

13 yanvarda boshlangan musobaqani havo yaxshilanishi umidida bekor qilmaslikka qaror qilingandi. 14 yanvardagi uchrashuvlar Melburn ma'muriyati tutunlanish kuchaygani sababli odamlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilganiga qaramay bekor qilinmagan. 

Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari oktyabrdan beri davom etmoqda. Undan Viktoriya va Yangi Janubiy Uels shtatlari eng ko‘p jabr ko‘rmoqda. Katta ko‘lamli yong‘inlar sababli umumiy hisobda 10 mln gektar o‘rmon yonib ketgan, 28 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid