Jamiyat | 13:26 / 16.01.2020
82285
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent teleminorasi ochilganiga 35 yil to‘ldi (video)

Toshkent teleminorasi qurib, foydalanishga topshirilganiga 35 yil to‘ldi. 375 metr balandlikka ega minora 1985 yil 15 yanvaridan o‘z faoliyatini boshlagan.

Inshoot balandligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDHda esa Moskvadagi Ostankino teleminorasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

1978 yildan boshlab, 6 yil davomida qurilgan Toshkent teleminorasi ochilganidan keyin 1991 yilgacha dunyodagi uchinchi eng baland minora sanalgan.

Dunyo miqyosida minoralarning balandligi bo‘yicha hozirgi ro‘yxatida Toshkent teleminorasi 12-o‘rinda turadi.

Teleminorada sayyohlar uchun tomosha maydonchasiga ekskursiya va «Koinot» restorani xizmatlari yo‘lga ko‘yilgan. 2019 yil noyabrdan boshlab teleminoraga tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘rash tartibi bekor kilindi. Ya'ni endi teleminoraga pasporsiz kirish mumkin.

Shu bilan birga, mehmonlarga yanada kulaylik yaratish maksadida QR-kodli tizim qurilmalari o‘rnatildi. Minoraning 100 metr balandligida tomosha maydonchasi va 105 metr balandlikda «Koinot» restoranining «Moviy» zali faoliyat ko‘rsatyapti.

Ish vaqti – har kuni 10:00 dan 20:00 gacha. Chipta narxi kattalar uchun 35 ming so‘m, 7-16 yoshgacha bo‘lganlarga esa 15 ming so‘mni tashkil etadi. Dam olish kunlari narx 5 ming so‘mga oshadi.

Qishki mavsumda kuniga 200-300 nafar tashrifchi keladi. Boshqa vaqtlari esa tashrif buyuruvchilar soni 1500 nafardan ham oshadi.

100 metr balandlikdagi tomosha maydonchasida shahar manzarasini tomosha qilish uchun bir nechta binokulyarlar o‘rnatilgan. Undan foydalanish uchun jyeton tashlanadi. Bitta jyeton narxi 2 ming so‘m.

105 metr balandlikdagi «Koinot» restorani har 45 daqiqada bir marta aylanadi. Mehmonlar taom tanovul qilish asnosida shaharni yuqoridan to‘liq tomosha qilib olishlari mumkin.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid