Iqtisodiyot | 13:10 / 25.01.2020
25348
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov: Xufiyona iqtisodiyot milliy iqtisodiyotimizning 45 foiziga teng

Bugun, 25 yanvar kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojatnomasiga bag‘ishlangan sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada ishtirok etgan Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov xufiyona iqtisodiyot haqida gapirdi.

«Birinchi o‘rinda raqamli iqtisodiyot bugungi kunda zamonaviy va milliy iqtisodiyotlarning qiyofasini o‘zgartiryapti, uning samaradorligini oshiryapti va shaffofligini kuchaytiryapti. Prezidentimiz o‘z murojaatnomasida pensiya masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Yaqin bir-ikki yil ichida pensiya olish uchun bitta pasportning o‘zi kifoya bo‘ladi, deb aytib o‘tdilar. Bu raqamli iqtisodiyotga bevosita tegishli. Ya'ni bizning pensiya jamg‘armasi idoralari har bir odam haqida ma'lumotga ega bo‘ladi. Bugun har bir tuman, viloyatdagi pensiya jamg‘armasining qiladigan ishi arxiv hisoblanadi. Endi arxivdagi hamma ma'lumotlarni raqamlashtiramiz. Endi hech kim [pensiya olishga hujjat to‘plash uchun] hech qayerga bormaydi. Bu esa insonlarga yordam bo‘ladi. 

Yana bir bizning sohaga tegishli misol keltirishim mumkin. Xufiyona iqtisodiyot masalasiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Xufiyona iqtisodiyot bugungi kunda har xil baholarga ko‘ra bizning milliy iqtisodiyotimizning 45 foiziga teng. [Muammoni bartaraf etish uchun] birinchi qadam qo‘yildi. Soliq islohoti amalga oshirildi. Ikkinchisi, yangi soliq tizimida tadbirkorlar QQSni to‘laydigan bo‘lsa, bu QQSda hisob-faktura ishlatiladi. Shuncha qog‘oz hisob-faktura orqali bitta talonning harakatini, ya'ni mendan unga, undan boshqaga o‘tishini ko‘rish mumkin emas.

Demak, biz elektron hisob-fakturalarni yo‘lga qo‘yyapmiz. Soliq to‘lovchi Soliq qo‘mitasidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tegishli hamma ma'lumotlarni kirgizadi. Shu asosda biz ma'lum bir tovarning harakatini kuzatib boramiz. Shu tovar yo‘q bo‘lib ketmasligi kerak. Qachonki bu tovar, mahsulot yoki xizmat sotilib, o‘zlari soliq to‘lasa, demak o‘z egasiga yetib borgan bo‘ladi. Raqamli iqtisodiyot mehnat unumdorligini oshiradi. Shuning uchun hamma raqamli iqtisodiyotga katta e'tibor berilyapti», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid