Jahon | 16:40 / 27.01.2020
10474
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘ulistonda koronavirus xavfi tufayli maktablar va universitetlar yopildi

Mo‘g‘uliston hukumati yangi tipdagi koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatdagi barcha universitetlarni, maktablarni va boshqa ta'lim muassasalarini yopishga qaror qildi. Mahalliy nashrlar xabar berishicha, hukumatning 26 yanvar kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishida shunday qaror qabul qilindi.

Xabarlarda aytilishicha, hukumat respublika fuqarolarini barcha ommaviy tadbirlarni ham bekor qilishga chaqirgan.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, ta'lim muassasalari 27 yanvar kunidan 2 martga qadar yopiladi. Shuningdek, Xitoy bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarida avtotransport va piyodalar harakatini cheklash yuzasidan ham ko‘rsatma berilgan.

Bugungi kungacha Mo‘g‘ulistonda koronavirusga chalinish holatlari qayd etilmagan bo‘lsada, kasalxonalarni virusga chalinganlarni qabul qilishga tayyorlash haqida qaror qabul qilingan.

Kasallik o‘chog‘iga aylangan Xitoyning Uxan shahrida mo‘g‘ulistonlik 31 nafar talaba istiqomat qilayotgani, ularning barchasi 27 yanvarga qadar vataniga qaytarilishi aytilmoqda.

2019 yilning dekabrida Uxanda pnevmoniya tarqala boshladi. Keyinchalik bu yangi koronavirus keltirib chiqargan kasallik ekani aniqlandi.

XXR sog‘liqni saqlash qo‘mitasi xabar berishicha, 26 yanvar kunining o‘zida ushbu virusni yuqtirib olganlarning yana 24 nafari vafot etdi va jami qurbonlar soni 80 nafarga yetdi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy hududida ushbu kasallikka chalinganlar soni 2794 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 3800 nafardan ortiq kishi ushbu virusni yuqtirib olganlikda gumon qilinmoqda.

Xitoy hududidan tashqarida ham 12ta mamlakat hududida ushbu virusdan zararlanish holatlari qayd etilgan: Hongkongda 8, Makaoda 5, Tayvanda 4, Tailandda 7, Avstraliyada 5, Singapurda 4, Yaponiya, AQSh, Malayziya va Fransiyada 3tadan, Vetnamda 2, Nepalda esa 1ta holat.

Bundan avvalroq, Fransiya turoperatorlari kasaba uyushmalari Xitoyga 21 fevral kuniga qadar sayyohlarni yuborishni to‘xtatishni tavsiya qilgani ma'lum bo‘lgandi. Bundan tashqari, Armaniston Xitoydan oziq-ovqat mahsulotlari importini to‘xtatgan. Qirg‘iziston Xitoy bilan chegaralarini yopgan, Qozog‘iston ushbu davlat bilan vizasiz rejimni vaqtincha to‘xtatgan.

Mavzuga oid