O‘zbekiston | 21:29 / 28.01.2020
51960
5 daqiqa o‘qiladi

Ish stajini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emas. Pensiyaga chiqish uchun qanday yo‘l tutish kerak?

Ish stajini tasdiqlovchi hujjatlarning yetarli emasligi (hujjatlarning tashkilot tomonidan saqlanmagani, yonib ketgani yoki boshqa sabab bilan yaroqsiz holatga kelgani) fuqarolarga mehnat qilgan yillari uchun yetarli pensiya tayinlashdagi katta muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bu haqda bugun, 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat O‘taganov aytib o‘tdi.

O‘zbekistonda ish stajini tasdiqlovchi hujjatlarning yetarli emasligi sababli eng minimal miqdordagi pensiya oluvchi fuqarolar  ko‘pligi, jamg‘arma tomonidan bu holatga qanday yechim izlanayotgani borasida jurnalistlar tomonidan berilgan savolga bo‘lim boshlig‘i shunday javob berdi:

“Bu savol bilan oldimizda turgan juda katta masalani ko‘tardingiz. Haqiqatdan ham, hujjatlarning arxiv idoralarida saqlanmagani yoki korxona-tashkilotlarda mavjud emasligi pensiya hisoblash va tayinlashda katta muammolardan biri.

Siz yaxshi bilasiz, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga yo‘llagan murojaatida: “Biz shunday tizimni joriy qilamizki, fuqaro pensiya idorasiga faqat pasporti bilan keladi”, degan fikrni aytdi.

Biz buning uchun birinchi navbatda arxivni raqamlashtirishimiz kerak. Arxivlarimizning hozir qay darajadaligini esa siz yaxshi bilasiz.

Shuni ma'lumot uchun aytmoqchimanki, Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2012 yildan boshlab dasturiy majmuasi bor. Dasturiy majmuamiz juda ko‘p idoralar bilan integratsiya qilingan. Ya'ni, o‘zimizga kerakli axborotni turli vazirlik va idoralardan olish imkoniyatiga egamiz. Biz Arxiv idorasi bilan ham integratsiya qilishga, axborot almashinuviga tayyormiz.

Afsuski, bizda bu jarayon juda kech, 2016 yildan boshlandi.

Hozir jismoniy shaxslarni ish haqini hisobga olish yakka tartibda Davlat soliq qo‘mitasi bazasida amalga oshirilyapti.

Biz shunday tizim yaratmoqchimizki, fuqarodan umuman ish haqi talab qilinmasligi kerak. Ya'ni axborot almashinuvi onlayn rejimda bo‘lishi kerak. Lekin siz aytganingizdek, sobiq ittifoq davri va undan keyingi 1990 yillardan to 2005 yilgacha bo‘lgan davrdagi ish haqini hisoblash muammo bo‘lib qolmoqda.

Bunda ba'zi bir korxona-tashkilotlarning rahbarlari mas'uliyatsizligi yoki boshqa fors-major holatlar bilan [yonib ketgan yoki boshqa sabablar bilan yaroqsiz holga kelgan] hujjatlar arxiv idoralariga topshirilmagani salbiy oqibatlarni keltirib chiqaryapti. Bundan xabarimiz bor.

Shu kabi holatlarda fuqarolarimiz sudlarga ham murojaat qilishmoqda. Bu bo‘yicha Oliy sudning 44-sonli plenumi qarori [“Davlat pensiya ta'minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi №44-son qaror.–Tahr.] ham bor. Unda mehnat daftarchasi fuqaroning ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat ekani ko‘rsatilgan. Lekin yana bir holat bor, mehnat daftarchasidagi yozuvlar pensiya jamg‘armasi mutaxassislari tomonidan baholanadi. Bu “Mehnat daftarchalarini yuritish to‘g‘risidagi 402-sonli yo‘riqnoma”da belgilangan”, dedi u.

Jamg‘arma vakili shuningdek, fuqarolarning mehnat daftarchalari tekshirilayotganda turli noqonuniy holatlar ham aniqlanishi va bunday paytlarda pensiya jamg‘armasi mutaxassislari tekshiruv o‘tkazishga vakolatli ekani haqida gapirdi.

“O‘zingiz o‘ylang, sovet davri, 1970/80 yillarda ishlagan fuqaroga lotin alifbosida ma'lumot yozilganini qanday tushunish mumkin? Yoki muhrlarning haqqoniyligi masalasi.

Pensiya jamg‘armalari mutaxassislariga fuqaroning mehnat daftarchasidagi yozuvlar bo‘yicha ularda shubha paydo bo‘lsa, o‘sha davrlarni va hujjatlarni tekshirib chiqish vakolati berilgan. Biz shu vakolat bo‘yicha barcha hujjatlarni o‘rganib chiqishimiz mumkin. Va bu o‘rganishda barcha yillar hisoblab beriladi.

Qonunda fuqaroga pensiya tayinlash uchun jamg‘armaga murojaat qilgandan keyin ham yetishmagan hujjatlarni to‘ldirish uchun uch oy muddat berilishi belgilangan.

Albatta, qonunda fuqaroning Pensiya jamg‘armasi qarori ustidan sudga murojaat qilishi belgilab berilgan.

Mavzuga oid