O‘zbekiston | 20:57 / 28.01.2020
15508
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda milliy brendlar soni 65ta. Bu – Qozog‘istondan 2,5 barobarga kam

Toshkent shahri brendi / Foto: Toshkent shahar hokimligi

O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 65ta milliy brend ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Rossiyada 19835ta, Ukrainada 5478ta, Qozog‘istonda 170ta, Qirg‘izistonda 53tani tashkil qiladi.

Bu haqda Intellektual mulk agentligi rasmiylari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Intellektual mulk tushunchasi aholimiz orasiga yetib bormagan. Intellektual mulk bu – innovatsion g‘oyalar va kreativ fikrlashdir. Bu yo‘nalish rivojlansa, qog‘ozbozlik va nohalol raqobatning oldi olinadi.

Misol uchun, AQSh iqtisodiyotida intellektual mulkning ulushi 6,5 trln. dollarni, G‘arbiy Yevropa davlatlarida yaratilgan ish o‘rinlarining esa 90 foizini tashkil qiladi.

Tizimni rivojlantirish bo‘yicha 2019/20 o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetida «intellektual mulk huquqi» mutaxassisligi bo‘yicha yangi magistratura yo‘nalishi ochilgan», – deydi Intellektual mulk agentligi bo‘lim boshlig‘i Abdumo‘min Yo‘ldoshev.

Ma'lum qilinishicha, xufiyona  iqtisodiyot holatlarini aniqlash, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha tashviqot ishlari mobaynida 150dan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan. Qolaversa, Intellektual mulk agentligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan kuzatuvlar natijasida 398ta qonunbuzarlik aniqlangan va 484.3 mln. so‘mlik audiovizual disklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Intellektual mulk agentligi direktori – Adliya vaziri o‘rinbosari To‘lqin Abdusattorovning so‘zlariga ko‘ra, respublikaning barcha hududlarida ixtirochilik darajasini oshirish maqsadida 2019 yilda Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab quvvatlash markazlari ochilgan va hozirda ularning soni 20tani tashkil qilmoqda.

«Bundan asosiy maqsad – chekka hududlarda intellektual mulk bilimini oshirish va yosh olim va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlashdir», – dedi Abdusattorov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil davomida intellektual mulk obektlarida 10142ta talabnoma qabul qilingan va 4445tasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 sentyabrdan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalarni elektron shaklda DXMlar yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish joriy etilgan edi.

Mavzuga oid