Light | 18:00 / 30.01.2020
22223
6 daqiqa o‘qiladi

Vetnamga sayohat: Xanoyning borish shart bo‘lgan 5ta asosiy joyi

Vetnam poytaxti Xanoyda o‘zingizni xuddi o‘tmishda yurgandek his etasiz. Eski shaharning tor va qarovsiz ko‘chalari, transport vositalarining tartibsiz harakati, qadimiy binolar, tarixiy ibodatxonalar, tinim bilmay mehnat qilayotgan oddiy odamlar  – bularning bari Xanoyda har bir qadamingizda duch kelishingiz mumkin manzaradir.

Biroq Xanoyda ko‘rkam shahar qiyofasi, zamonaviy megapolis andozasi ham yo‘q emas. Poytaxtning har bir burchagida kichik bo‘lsa ham do‘konlarni topasiz. Odamlar kun-u tun tinim bilmay sayyohlarga qandaydir xizmatni taklif qilish bilan ovora: kimdir o‘z oshxonasini ochgan, yana kimdir qo‘lda yasalgan bosh kiyimlarini sotadi yoki yo‘lovchilarni aravada manziliga yetkazadi, ba'zilar yangi uzilgan mevalardan muzdekkina sharbat tayyorlaydi... Xullas, bu yerda tadbirkorlik yaxshigina rivojlangan.   

Vetnam haqida avvalroq alohida maqola tayyorlangan edi. Bugun esa uning dunyoga mashhur, sayyohlar bilan doimo gavjum poytaxti Xanoy haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Xanoyga borsangiz, zerikmasligingiz aniq, lekin tashrifdan avval qayerga borish mumkinligi haqida reja qilib olish maqsadga muvofiq. Biz Xanoyda borish qat'iy tavsiya etiladigan 5ta eng asosiy maskanlar ro‘yxatini tuzib chiqdik.

1. Old Quarter – Eski mavze

Old Quarter – Xanoyning eng asosiy tashrif qog‘ozi, desak ham bo‘ladi. O‘z nomi bilan eski shahar ruhini o‘zida mujassam etgan bu hududda ko‘plab restoran, mehmonxonalar, savdo nuqtalari mavjud. Ko‘p sonli ko‘chalar bo‘ylab piyoda yurib, mahalliy aholining odatiy hayotini kuzatish mumkin.

Old Quarter suvenir va esdalik sovg‘alar xarid qilish uchun ham yaxshi joy. Faqatgina bir muammo: ko‘chada mototsikl va skuterlar ko‘pligidan oyoq bosishga joy topa olmaysiz.

2. Xoankiyem ko‘li

Birgina ko‘lning o‘zida uchta diqqatga sazovor joy bor – Toshbaqa qal'asi, Xuk qizil ko‘prigi, Nefrit tog‘i ibodatxonasi.

Bu yer mahalliy aholi va turistlarning eng sevimli maskanlaridan biridir. Xoankiyem ko‘li haqida bir qancha afsonalar bor. Aytishlaricha, bir vaqtlar bu ko‘ldan vetnamlik qahramon Le Loy qilich topib oladi. Keyinchalik esa aynan shu qilich yordamida Xitoy bosqinchilariga qarshi kurashib, ularni mag‘lub etadi. Le Loy ko‘lga minnatdorchilik bildirish uchun borganida qilich suvga qalqib tushadi va uni bahaybat toshbaqa ko‘l tubiga olib ketadi.

Xoankiyem ko‘liga kelib, uning yonidagi qahvaxonalardan biriga kirishni, mazali shirinliklardan tatib ko‘rib, atrofni kuzatishni tavsiya qilaman.

Xuk qizil ko‘prigi

Nefrit tog‘i ibodatxonasi
Toshbaqa qal'asi

3. Xalong ko‘rfazi

Sayyohlar orasida Halong Bay nomi bilan tanilgan ko‘rfazga turistik agentliklar orqali borish mumkin. Xalong bo‘ylab kemada sayohat qilish barchada unutilmas xotira bo‘lib qolishiga ishonaman. Bu yer YuNeSKO butunjahon meroslari ro‘yxatiga bejiz kiritilmagan.

Xalong ko‘rfazi 3000dan ziyod orollar, kichik qoyalar, jarliklar va g‘orlardan iborat. Kruiz sayohati kemada sayr qilishdan tashqari, mazali dengiz taomlarini ham o‘z ichiga oladi.

4. Suvdagi qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari

Xanoyda bo‘lganimda «The Quintessence of Tonkin Show»ga kirishga muvaffaq bo‘ldim. U Vetnamdagi eng katta va mashhur jonli tomoshalardan biri. Agar san'at ishqibozi bo‘lsangiz, bu namoyish aynan siz uchun. Ochiq osmon qo‘ynida Vetnamning tarixi, musiqasi, she'riyati, urf-odatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Bu yerda yuzga yaqin teatr ustalari, kichik bolalar suvda ajabtovur raqslar, tasvir san'at namunalarini namoyish etishadi, tarixiy doston va qo‘shiqlarni ijro qilishadi.

Faqatgina bir narsa sizni zeriktirishi mumkin bularning bari vetnam tilida bo‘lib, tushunish qiyin.

Yana bir eslatma: havo harorati issiq va nam bo‘lgani sababli chivinlar juda ko‘p. Shuning uchun sayyohlarga ustni yopuvchi kiyimlar kiyish va chivin chaqishiga qarshi sprey sepish tavsiya qilinadi.

5. Ustalar ibodatxonasi

Chùa Thầy – ya'ni Ustalar ibodatxonasi XI asrda barpo etilgan bo‘lib, Vetnamdagi eng qadimiy diqqatga sazovor joylardan biri sanaladi. U Say Son tog‘i yaqinida, sun'iy ko‘l qirg‘og‘ida qad rostlagan. Bu yerda daraxtlarda o‘suvchi qovunlarni ko‘rishingiz mumkin.

Ustalar ibodatxonasi

Xanoyda yana boshqa ko‘plab ko‘ngilochar manzillarni topish mumkin. Men bor-yo‘g‘i sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan beshta manzilni sanab o‘tdim, xolos. Sayohatni o‘z talab va istaklaringizga mo‘ljallab, rejalashtirishingiz mumkin. Biz esa sizlarga turli manzillarni tanishtirishda davom etamiz.

Feruza Avazova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid