O‘zbekiston | 15:05 / 31.01.2020
5242
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklik yanada rivojlantiriladi

Davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish dasturini davom ettirish maqsadida belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

Foto: KUN.UZ

Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Maktabgacha ta'lim vazirligi va Moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish dasturini davom ettirish maqsadida belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi: 

a) 2019 yil 1 dekabrga qadar maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish ishlari 25 foizdan kam bo‘lmagan hajmda bajarilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan 182 mlrd so‘m mablag‘lar Moliya vazirligi tomonidan 2020 yil uchun Davlat budjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida 2020 yil 1 martga qadar ajratiladi. Bunda, kreditlar 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foizli stavka bo‘yicha beriladi;

b) 2018—2019 yillarda belgilangan tartibda tuzilgan 300 dan ortiq bitimlar bo‘yicha kreditlar:

Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlarning ma'muriy markazlari hamda ilovada keltirilgan viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarda — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha; tumanlarning ma'muriy markazlarida — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha; tumanlarning boshqa hududlarida — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha beriladi;

2020 yilda xalqaro moliya institutlaridan ushbu maqsadlar uchun jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar) hisobidan moliyalashtiriladi;

v) 2021 yil va kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar bo‘yicha kreditlar:

tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadigan foiz stavkalarida beriladi; xalqaro moliya institutlaridan jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar), shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi;

g) 2018-2019 yillarda belgilangan tartibda imzolanib, moliyalashtirilmagan hamda kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar bo‘yicha kreditlar ushbu bitimlarda nazarda tutilgan xususiy sherikning o‘z mablag‘lari hisobidan bajarilishi (sotib olinishi) lozim bo‘lgan ishlar (tovarlar) to‘liq amalga oshirilganidan so‘ng, tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi:

Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadigan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ustuvor tartibda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar, shuningdek, viloyat va tumanlarning ma'muriy markazlarida tashkil etilishiga e'tibor qaratadi; hududlarda mavjud maktabgacha ta'lim tashkilotlarining quvvati va qamrovini o‘rganib chiqadi hamda unda yashayotgan aholi sonidan kelib chiqqan holda yangi va faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarning qo‘shimcha o‘rinlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid