Jamiyat | 17:15 / 31.01.2020
9229
3 daqiqa o‘qiladi

Shahloga bitta endoprotez qo‘yildi, yana bittasiga mablag‘ yetmayapti

2018 yil sentabr oyida Kun.Uz tahririyati  «Shahloga zudlik bilan endoprotez qo‘yilishi kerak!» sarlavhali xayriya aksiyasi o‘tkazgan edi. Tahririyat muxbiri Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahri, Zahriddin Muhammad Bobur mahallasida istiqomat qiluvchi Shahlo Xolmatova oilasiga tashrif buyurib, unga qanday yordam zarurligiga qiziqqandi. 

Ma'lum bo‘lishicha, 1991 yilda tavallud topgan Shahlo tug‘ma chap son chiqishidan aziyat chekkan. Natijada chap oyog‘i hozirda o‘ng oyog‘idan 5 santimetr kalta bo‘lib qolgan. Bolaligida unchalik ham sezilmagan dard Shahloning yoshi katta bo‘lgani sari o‘ng oyoqqa og‘irlik tushishi natijasida o‘zining salbiy oqibatini ko‘rsata boshlagan va “o‘ng tomonlama displastik koksartroz Ⅲ-darajasi”ga olib kelgan. Respublika Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasida davolanganida, bosh vrach Shavkat Mirzayev o‘ng oyoqqa endoprotez qo‘yish kerakligini, bu qanchalik tez amalga oshirilsa, shuncha yaxshi ekani, keyinchalik chap son suyagiga ham oyoqni uzaytirish maqsadida endoprotez qo‘yish darkorligini ta'kidlagan. 

Yaqin kunlarda, Kun.uz muxbiri Shahlo bilan yana bir bor bog‘landi hamda salomatligi bilan bog‘liq ahvoli, davolanish ishlari qay darajada ekaniga qiziqdi. Uning aytishicha, bugungi kunda uning bir oyog‘iga endoprotez qo‘yilgan, endilikda, ikkinchi endoprotez uchun mablag‘ yig‘ilmoqda. Navbatdagi endoprotez uchun yana 20 mln so‘m zarur va bu pul ushbu oila uchun katta mablag‘ hisoblanadi. 

9 yoshida otasi tashlab ketgan va oilada kenja qiz bo‘lgan, Ⅱ-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, shahardagi bog‘chada musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Shahlo saxovatpesha hamyurtlariga yana bir karra murojaat qilib, shu mablag‘ni to‘plashda ko‘mak berishlarini, shu bilan dardidan forig‘ bo‘lishni, barcha singari turmush kechirishga hissa qo‘shishlarini iltimos qilib so‘rab qoladi. 

Aziz, xayr-saxovatli vatandoshlar, xabaringiz bor, biz BARChAMIZ birgalikda ko‘plab dardmand hamyurtlarimiz shifo topishiga hissa qo‘shdik. Savobli ishning esa, katta-kichigi bo‘lmaydi. Shunday ekan, keling, bu safar ham umid va ishonch bilan bizga-yurtdoshlariga murojaat qilgan Shahloning umidini so‘ndirmaylik, imkonimiz darajasida yordam beraylik! Uzrlilarimiz duolarida yodga olib, Allohdan shifoi komil so‘rab duo qilishsa, Shahloga juda katta ma'naviy yordam bergan bo‘lishadi. 

Shahlo Xolmatova (+998949172818)

PAYME, CLICK Agrobank ATB Yangiyer shahar filiali

Bank kartochka raqami: 8600 0423 6536 2408

MFO: 00378

INN: 200 331 065

Hisob raqami: 2312 0000 8000 0037 8001

Naqd pul topshirganda: 23116000300000378001

Kartadan kartaga pul o‘tkazganda: 23118000100000378001

Mavzuga oid