Jamiyat | 14:51 / 18.09.2018
11982
4 daqiqa o‘qiladi

Xayriya: Shahloga zudlik bilan endoprotez qo‘yilishi kerak!

Xayr-saxovat. Yordamga muhtoj insonga ehson qo‘lini cho‘zish. Jilla qursa, duolarda eslab qo‘yish va tanimagan bir vatandoshing, qo‘shning, hamyurtingni qiynab kelayotgan muammoni hal etishda yaqindan yoki g‘aybdan imkoniyating darajasida ko‘mak berish. Bu ham bir baxt. Bu ham bir saodat. Bu baxt-saodat esa, hammaga ham nasib etavermaydi. 

Kun.Uz tahririyati ayni yuqoridagi insoniylikning buyuk namunasini o‘ziga shior qilib olgan holda O‘zbekistondagi yordamga, ehsonga, shirin so‘zga muhtoj yurtdoshlarimizning og‘irini yengil qilish, dardiga sherik bo‘lish va bu borada boshqa vatandoshlarimizni ham savobli ishga hissa qo‘shishlariga sababchi bo‘lishni maqsad qilgan. 

Tahririyat shoshilinch davolanishga muhtoj shunday hamyurtlarimizdan birining murojaatiga “labbay”, deb javob berdi. Muxbirlar guruhi Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahri, Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasida istiqomat qiluvchi Shahlo Xolmatova oilasiga tashrif buyurdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, 1991 yilda tavallud topgan Shahlo tug‘ma chap son chiqishidan aziyat chekkan. Natijada chap oyog‘i hozirda o‘ng oyog‘idan 5 santimetr kalta bo‘lib qolgan. Bolaligida unchalik ham sezilmagan dard Shahloning yoshi katta bo‘lgani sari o‘ng oyoqqa og‘irlik tushishi natijasida o‘zining salbiy oqibatini ko‘rsata boshlagan va bugunga kelib “o‘ng tomonlama displastik koksartroz Ⅲ-darajasi”dan aziyat chekmoqda. Respublika Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasida davolanganida, bosh vrach Shavkat Mirzayev o‘ng oyoqqa endoprotez qo‘yish kerakligini, bu qanchalik tez amalga oshirilsa, shuncha yaxshi ekani, keyinchalik chap son suyagiga ham oyoqni uzaytirish maqsadida endoprotez qo‘yish darkorligini ta'kidlagan. 

Shahloning aytishicha, ikki oyog‘ini davolatish uchun 50 mln so‘m atrofida mablag‘ talab etiladi, biroq oilaning moliyaviy ahvoli bunga imkon bermaydi. 9 yoshida otasi tashlab ketgan va oilada kenja qiz bo‘lgan, Ⅱ-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, shahardagi bog‘chada musiqa rahbari sifatida ishlayotgan Shahlo saxovatpesha hamyurtlariga murojaat qilib, shu mablag‘ni to‘plashda ko‘mak berishlarini, shu bilan dardidan forig‘ bo‘lishni, barcha singari turmush kechirishga hissa qo‘shishlarini iltimos qilib so‘radi. 

Aziz, xayr-saxovatli vatandoshlar, xabaringiz bor, biz BARChAMIZ birgalikda ko‘plab dardmand hamyurtlarimiz shifo topishiga hissa qo‘shdik. Savobli ishning esa, katta-kichigi bo‘lmaydi. Shunday ekan, keling, bu safar ham umid va ishonch bilan bizga-yurtdoshlariga murojaat qilgan Shahloning umidini so‘ndirmaylik, imkonimiz darajasida yordam beraylik! Uzrlilarimiz duolarida yodga olib, Allohdan shifoi komil so‘rab duo qilishsa, Shahloga juda katta ma'naviy yordam bergan bo‘lishadi. 

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:
Shahlo Xolmatova (994 716 056)
PAYME, CLICK Agrobank ATB Yangiyer shahar filiali
Bank kartochka raqami: 8600 0423 6536 2408
MFO: 00378
INN: 200 331 065
Hisob raqami: 2312 0000 8000 0037 8001
Naqd pul topshirganda: 23116000300000378001
Kartadan kartaga pul o‘tkazganda: 23118000100000378001

Tolib Rahmatov tayyorladi

Mavzuga oid