Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yuridik xizmat ko‘rsatishda raqamli texnologiyalar joriy qilinadi» ― TDYuU rektori
Toshkent davlat yuridik universitetida huquqiy texnologiyalar laboratoriyasi ochiladi. Respublikada yuridik xizmat sifatini yaxshilash uchun raqamli texnologiyalardan foydalanishga o‘tiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov 30 yanvar kuni «Yuridik amaliyotga xalqaro tendensiyalarni joriy qilish» mavzusidagi anjumanda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilishning muhimligi haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Axborot texnologiyalarisiz nafaqat huquq, balki boshqa sohalarni ham tasavvur qilishimiz qiyin bo‘lib qoldi. Hamma sohada raqamli texnologiyalar rivojlanayotganini ko‘rib, bu boradagi bilimning zaruratini biz ham chuqur anglayapmiz. Universitetimiz talabalari zamonaviy axborot texnologiyalarini bilmaydigan bo‘lsa, ular amaliyotda hech kimga kerak bo‘lmaydi», – deydi Rahim Hakimov.
Universitet rektorining ta'kidlashicha, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuridik xizmat ko‘rsatish tizimi avtomatlashtirilmoqda, bu borada sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilyapti. Shunga muvofiq tarzda, Toshkent davlat yuridik universitetida ham Legal Tech laboratoriya (huquqiy texnologiyalar laboratoriyasi)ni tashkil etish rejalashtirilgan.
«Yangi o‘quv yilidan boshlab huquq sohasida axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni o‘rgatuvchi huquqiy texnologiyalar laboratoriyasini ochishni maqsad qilganmiz. Bu borada Inha universiteti bilan hamkorlik qilinyapti. Bu laboratoriyada dasturiy ta'minotlar yaratish orqali yuridik xizmatlarni tashkillashtirish masalalari bilun shug‘ullaniladi.
Misol uchun, huquq sohasida eng ko‘p yuzaga keladigan savollar bitta dasturiy ta'minotda jamlansa, bir soniyada minglab odamlarga konsultatsiya berish mumkin bo‘ladi. Inson resursi cheklangan imkoniyatga ega, bu esa kamroq mablag‘ sarflab, ko‘proq natijaga erishishga yordam beradi», – dedi Rahim Hakimov.
Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 8250 nafar fuqaroga bir advokat to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, AQShda 256 nafar, Italiyada 260 nafar, Germaniyada 500 nafar, Qozog‘istonda 4000 nafar fuqaroga bir advokat hisobida taqsimlanadi.
Mavzuga oid
17:45 / 26.02.2026
Malakali yuridik yordam: Konstitutsiya kafolatlagan huquq va zamonaviy muammolar
09:26 / 28.11.2025
TDYuUda 3 yillik maxsus dastur va huquq fanidan sertifikat joriy etiladi
18:20 / 27.11.2025
Yuridik universitetda klinik va dual ta’lim tizimi joriy etiladi
08:02 / 08.08.2025