Jahon | 12:48 / 01.02.2020
32159
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina samolyotining Erondagi halokatidan keyin foyda ko‘rgan davlat ma'lum qilindi  

Afg‘oniston Eronda Ukraina aviakompaniyasiga qarashli yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragandan keyin foyda ola boshladi.

Foto: AP

Gap shundaki, Eronda Ukraina aviakompaniyasiga qarashli yo‘lovchi samolyoti urib tushirilgandan keyin butun dunyo aviakompaniyalari Eron o‘rniga Afg‘oniston hududi ustidan uchib o‘ta boshladi. Bu esa Afg‘onistonga mo‘maygina pul ishlab olishga imkon berdi, deb xabar berdi Afg‘oniston fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasiga tayanib Bloomberg axborot agentligi. 

“Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning Boeing 737-800 samolyoti 8 yanvarda Tehron aeroporti yaqinida eronlik harbiylar tomonidan yanglish tarzda urib tushirilgandi. Fojiada 176 kishi halok bo‘lgandi.

Shu halokatdan keyin Yevropa, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasida parvozlar amalga oshiruvchi aviakompaniyalar xavfsizlik nuqtai nazaridan Eron o‘rniga Afg‘oniston ustidan uchib o‘tishni ma'qul ko‘rishgan. 

Yo‘lovchi samolyotlari biror davlat ustidan uchib o‘tganda o‘sha davlatga dispetcherlik xizmati uchun ma'lum haq to‘lanadi. Jumladan, Afg‘oniston o‘z hududidan uchib o‘tuvchi har bir reys uchun 700 dollar oladi.

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatning bu xizmat turidan oladigan daromadi 25 foizga yoki kuniga taxminan 100 ming dollarga o‘sgan. Ta'kidlanishicha, Afg‘oniston havo hududi orqali bir kunda 400 ta reys bajarilmoqda. Talab oshgandan keyin mamlakat hukumati iyuldan parvoz uchun to‘lovni 950 dollargacha oshirishga qaror qildi. 

Aviatsiya bilan bog‘liq turli soliqlar bojxona va telekommunikatsiya xizmatlaridan keyin Afg‘oniston hukumatining uchinchi yirik daromad manbai hisoblanadi. Jumladan, mamlakat 2018 yilda buning ortidan 104 mln dollar daromad olgan.  

Afg‘oniston orqali uchib o‘tishga qiziqish oshganiga qaramay, faqat 7 ta aviakompaniyagina mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys amalga oshiradi. Ular orasida Turkish Airlines, Air India va Emirates bor. Bunga esa Afg‘onistondagi keskin vaziyat sabab hisoblanadi. “Afg‘oniston osmoni xavfsiz bo‘lishi mumkin, biroq uning hududi xavflidir”, deb aytgan Afg‘oniston fuqarolik jamiyati instituti a'zosi Ahmad Shokur.

Mavzuga oid