Jalaquduq tumaniga yangi hokim tayinlandi
Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatjon Buzrukov Jalaquduq tumaniga hokim etib tayinlandi. U prezident tomonidan senator etib tayinlanib, «Nuroniy» jamg‘armasiga rais bo‘lib ketgan Sodiqjon Turdiyev o‘rnini egalladi.
Bugun, 4 fevral kuni Xalq deputatlari Jalaquduq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilib yangi tuman hokimi tayinlandi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, shu kungacha Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Furqatjon Buzrukov Jalaquduq tumanining yangi hokimiga aylandi.
Furqatjon G‘ulomjonovich Buzrukov 1985 yilda Andijon tumanida tug‘ilgan, 2010 yilda Andijon davlat universitetini (sirtqi) tamomlagan.
U 2010 yildan 2014 yilgacha Andijon viloyati hokimligida turli lavozimlarda ishlagan, 2014-2016 yillarda Andijon pedagogika kolleji direktori bo‘lgan, 2016-2018 yillarda Andijon viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018 yillarda Andijon viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2018 yildan buyon Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, Jalaquduq tumaniga 2018 yilning avgustidan buyon hokimlik qilib kelgan Sodiqjon Turdiyev 2020 yilning yanvarida «Nuroniy» jamg‘armasi raisi lavozimiga tayinlangandi.