Jahon | 12:20 / 07.02.2020
12218
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz jahannamni bosib o‘tdik»: Tramp impichment jarayoni tugaganiga izoh berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp uning oqlanishi bilan yakunlangan impichment jarayoniga izoh berdi. Trampning ta'kidlashicha, u o‘ziga qarshi qaratilgan “ulkan korrupsiyaga” to‘qnash keldi.

Foto: AP Photo/ Evan Vucci

5 fevralda AQSh senatorlari impichment doirasida Trampga hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongress olib borgan tergovga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha qo‘yilayotgan ayblovlarni ko‘pchilik ovoz bilan rad etishdi. 

“Biz jahannamni bosib o‘tdik. Bu menga nisbatan adolatsizlik bo‘ldi, chunki men hech qanday yomon ish qilmagandim. U yerda qonundan asar ham yo‘q edi, bu siyosiy masala bo‘lgan”, deb aytgan Tramp Oq uyda respublikachi kongressmenlar, huquqshunoslar, maslahatchilari va jurnalistlar bilan matbuot anjumanida.

Tramp, shuningdek, yaqinlaridan “ular bu vaqt ichida boshdan kechirishlariga to‘g‘ri kelgan hodisalar” uchun uzr so‘radi.

“Men oilamdan ular ba'zi kasal, yovuz odamlarning chirkin til biriktirishidan o‘tishlariga to‘g‘ri kelgani uchun uzr so‘ramoqchiman”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti. 
 
Trampning aytishicha, unga qarshi “yalmog‘izlar ovi” u 2016 yilda saylov kampaniyasiga kirishgandayoq boshlangan. 
 
“Oxirgi yillarda biz yalmog‘izlar ovi bilan to‘qnash keldik. Bu haqiqiy yovuzlik, korrupsiya, sharmandalik, falokat, yaramaslar edi... Ushbu hodisa hech qachon boshqa prezident bilan yuz bermasligi lozim”, deb aytgan AQSh prezidenti. 

U, shuningdek, Demokratlar partiyasi uni hokimiyatdan chetlatish uchun yangi urinishni amalga oshirishi mumkinligini aytdi.  

“Ular buzuq odamlar. Ular bir-biriga suyanadi – butun tarix davomida, nafaqat hozir. Ular bir-biriga yelimdek yopishadi. Ular aynan shunday yo‘l bilan impichmentni ham uyushtirishdi. Ulardan hech kim ajralib chiqmasa, har kimga qarshi impichment boshlay oladilar”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

AQSh prezidenti yig‘ilganlarga The Washington Post nashrining “Tramp oqlandi” sarlavhali sonini namoyish qilgan. 

“Bu men The Washington Post’da o‘qigan yagona yaxshi sarlavha”, deb kinoya qilgan Tramp.

AQSh prezidentining aytishicha, uning Oq uydagi chiqishi “matbuot anjumani, nutq yoki boshqa bir narsa emas, bu – tantanadir”.  

Tramp, shuningdek, o‘z saylovoldi shtabining Rossiya bilan ehtimoliy aloqalari bo‘yicha olib borilgan tergov va bu masala bo‘yicha maxsus prokuror Robert Myuller tayyorlagan hisobotni yodga olgan.

“Bizga nisbatan haddan ziyod adolatsizlik qilishdi. Boshida Rossiya, Rossiya, Rossiya deyildi. Buning hammasi uydirma edi”, deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari. 

Trampga nisbatan impichment jarayoni kongressning vakillar palatasida demokratlar tomonidan 2019 yil 24 sentyabrda AQSh prezidentining Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan 25 iyuldagi ilk telefon suhbati bilan bog‘liq holda boshlangan. Ta'kidlanishicha, Tramp o‘sha suhbat vaqtida Zelenskiyga bosim o‘tkazib, uni AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi tergov boshlashga chaqirgan.

Shu munosabat bilan demokratlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi vakillar palatasi Trampga hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongressga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ikkita ayblov bildirgan.

Mavzuga oid